Yangi yil kirib kelganiga hech qancha vaqt o`tmagan bo`lsada 2016 yilning 16 kunida 6 bor zilzila qayd etildi.
Shoir Bobur Bobomurod bo`layotgan ushbu tabiiy hodisalarga befarq emasligini izhor etgan holda qo`liga qalam oldi va quyidagi she`rni taqdim etdi.
Bilmam, nega qimirlaydi er,
Nega havo joyida emas?!
Goh yoz o`ta yondiraman der,
Goh qish qorni yog`diray demas.
Mashoyixlar ne kelsa boshga,
Demishlarki odam fe`lidan.
Orom ketib, darz tushar toshga -
Ma`siyatning og`ir selidan.
Ne`mat ketar ma`siyat sabab,
U tufayli kelar musibat.
Vayron bo`lar diyorlar ajab,
Bo`m-bo`sh qolar yurtlar oqibat.
Yaxshiliklar tark etib erni,
Dil qovjirar misoli maysa.
Nafi bo`lmas to`kilgan terni,
Baraka yo`q - gunoh ko`paysa.
Ma`siyatning barin mabodo,
Yozay desang - doston bo`lar she`r.
Bo`g`ilmasmi shundan so`ng havo,
Titramasmi shundan keyin er?!
Odam qilgan ishlarning barin,
Ko`rib turgan, bilib turgan Zot.
Ayamasdan rahmat nazarin,
Sabrdadir yanayam, hayhot.
Ogoh aylab bizlarni ul Zot,
O`zi yana asrar barqaror.
Shoyad topsak tavbadan najot,
Shoyad bo`lsak balki taqvodor!
BOBUR BOBOMUROD
2016.13.01. s.10:00.





