AsosiySport

O`zbekiston terma jamoasi hakam ustidan OFKga murojaat qilishga majbur bo`ldi

O`zbekistonliklar Koreya bilan o`yinni boshqargan hakam O`zbekiston ishtirokidagi o`yinlarga tayinlanmasligini so`radi. Bu haqda O`zbekiston futbol federasiyasi sayti xabar berdi.

O`zbekiston olimpiya terma jamoasi delegasiyasi Osiyo Futbol Konfederasiyasiga murojaat qilib, Koreya-O`zbekiston o`yini bosh hakami Fahad al-Mirdasiyni ushbu Osiyo chempionatida O`zbekiston ishtirokidagi o`yinlarga tayinlamaslikni so`radi.

O`zbekiston olimpiya terma jamoasi rahbariyati saudiyalik hakam Fahad al-Mirdasiy bir qancha epizodlarda o`yin natijasiga ta`sir ko`rsatgan qarorlar qabul qilgan deb hisoblaydi. 

“Hakamning qarorlari tahlil qilinmaydi va biz buni juda yaxshi tushunamiz. Ammo, o`yindagi bir qancha vaziyatlarda hakam noto`g`ri qarorlari bilan o`yin natijasiga ta`sir qildi”, - deyiladi OFKga yuborilgan murojaatnomada.

Shu bilan birga olimpiya terma jamoasi o`zbekistonlik ishqibozlarning hakamlik darajasi haqidagi norozilik kayfiyatidagi fikr-mulohazalaridan ham xabardor ekanligini bildirib, yuzaga kelgan murakkab vaziyatni o`nglashga urinish maqsadida OFKga murojaat qilishga majbur bo`lganligini yozadi.

“OFK va ushbu musobaqaning o`zbekistonlik ishqibozlar orasidagi nufuziga putur etkazmaslik, hakamlik mavzusiga boshqa qaytmaslik, shundoq ham murakkab vaziyatni yanada murakkablashtirmaslik maqsadida, O`zbekiston olimpiya terma jamoasi delegasiyasi sizdan vaziyatga to`g`ri baho berishingizni hamda Fahad al-Mirdasiyni O`zbekiston olimpiya terma jamoasining ushbu turnirdagi keyingi o`yinlariga hakam qilib tayinlamasligingizni so`raydi”, - deb tugatiladi murojaatnoma.

O`zbekiston olimpiya terma jamoasi 23 yoshgacha bo`lgan futbolchilar o`rtasidagi Osiyo chempionatida “S” guruhida Koreya, Iroq va Yaman terma jamoalari bilan kurashga kirishgan.

Guruhning birinchi turida Koreyaga qarshi maydonga tushgan o`zbekistonlik olimpiyachilar 1-2 hisobida mag`lubiyatga uchragan. Uchrashuvni Saudiya Arabistonidan Fahad al-Mirdasiy boshqargan.

O`yindan keyingi matbuot anjumanida O`zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan jurnalistlarning hakamlik haqidagi savollariga javob berar ekan, bu haqida gapirishni istamasligini, o`yinni butun Osiyo ko`rganligini va ko`rganlar fikr bildirishini aytgan.

“Yomon o`ynamadik, lekin kutgan natijamizga erisholmadik. Bu mag`lubiyat uchun uyalmaymiz”, - degan Samvel Babayan.

O`zbekiston olimpiya terma jamoasi guruhdagi ikkinchi uchrashuvini 16 yanvar kuni Iroqqa qarshi o`tkazadi. Koreya esa Yaman bilan o`ynaydi.

O`zbekiston Iroqqa qarshi o`yinda ko`k formada maydonga tushadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 21:30 da boshlanadi.

 

 

    Boshqa yangiliklar