Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, inson salomatligining 50-52 foizi turmush tarziga, iste`mol qilayotgan oziq-ovqatiga, 20 foizi atrof-muhit ta`siri va 8-10 foizi tibbiy xizmat darajasiga bog`liq.
Bundan ko`rinadiki, vitaminlarga boy mahsulot iste`mol qilish, sog`lom turmush tarziga e`tiborli bo`lish sog`lom hayot kechirishning asosiy omilidir.
O`zbekiston Respublikasining “Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to`g`risida”gi hamda “Aholi o`rtasida mikronutrient etishmasligi profilaktikasi to`g`risida”gi qonunlarining qabul qilinishi aholi o`rtasida turli kasalliklar kamayishiga ijobiy ta`sir ko`rsatmoqda.
O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligidan ma`lum qilishlaricha, bolalarni emlash, ularni vitaminlar bilan ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan loyihalar samarasida o`sib kelayotgan avlodning sog`lom va barkamol ulg`ayishida ulkan natijalarga erishilmoqda.
Mazkur yo`nalishdagi milliy dastur asosida 2003 yildan buyon yilda ikki marta “Bolalar salomatligi haftaligi” o`tkaziladi. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi davlat tomonidan bepul emlashning milliy taqvimi yaratilib, zamon talablari asosida yangi emlash vositalari bilan boyitilmoqda.
Yaqinda o`tkazilgan ushbu saplementasiyaning yigirma beshinchi turi davomida mamlakatimizdagi 2,7 million bola A vitamini bilan emlandi.
A vitamini etishmasligi natijasida epiteliy to`qimasi zararlanadi, ko`z xiralashadi. Teri, nafas yo`llari, qovuq va ichakda salbiy o`zgarishlar paydo bo`ladi. Oziq-ovqat mahsulotlari orasida baliq moyi, sariyog`, sut, tuxum sarig`i, jigar, buyrakda ushbu vitamin bor. A vitamini ko`plab kasalliklarning oldini olish va asoratini yo`qotishga xizmat qiladi. Tuzni yodlash, bolalar o`rtasida A vitamini saplementasiyasi, homilador ayollarni polivitamin komplekslari bilan ta`minlash kabi dasturlar mikronutrientlar tanqisligi, kamqonlikning oldini olish borasidagi sa`y-harakatlar natijasida ko`plab xastaliklarning oldi olinayotgani xalqimizning sog`lom turmush kechirishida muhim ahamiyat kasb etadi.





