O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi eski namunadagi pasportga ega O`zbekiston fuqarolari boshqa davlatlar hududida qanday yo`l tutishi lozimligi haqidagi ko`plab savollarga oydinlik kiritdi.
«Ko`p sonli murojaatlar sababli shuni xabar qilamizki, ‘O`zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora tadbirlar to`g`risida’gi 2011 yil 5 yanvar PF-4262-sonli O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti 2015 yil 31 dekabrga qadar haqiqiy edi va bu haqda xorijiy davlatlarga xabar qilingan edi. Bu haqda vazirlikning Facebook’dagi sahifasiga asoslanib Daryo.uz xabar bergan.
Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasida doimiy ro`yxatdan o`tgan va O`zbekiston Respublikasi nobiometrik fuqarolik pasporti bilan xorijiy davlat hududida vaqtincha bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari O`zbekistonga qaytishlari uchun O`zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishlari va respublikaga qaytish sertifikatini olishlari kerak.
Xorijda doimiy yashash joyidan o`rnatilgan tartibda ro`yxatdan chiqqan va O`zbekiston Respublikasi nobiometrik fuqarolik pasporti bo`yicha doimiy konsullik ro`yxatiga olingan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari pasportni biometrik pasportga almashtirishlari uchun O`zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishlari kerak».





