“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg`armasi kam ta`minlangan oilalardagi bemor bolalarni xorijiy va mamlakatimizdagi shifoxonalarda davolash bo`yicha qator loyihalar amalga oshirmoqda.
“Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo`lib o`tgan suhbat chog`ida “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg`armasi boshqaruvi raisining o`rinbosari Nozimjon Mo`minov o`tgan yilning kuzida Hindistonning Artemis Medicare Services Limited kasalxonasi bilan hamkorlik to`g`risidagi bitim imzolanganligini qayd etdi.
U og`ir ko`rinishdagi tug`ma yurak xastaligi bo`lgan bolalar operasiya qilinishini ko`zda tutadi. Buning natijasida bugungi kunga qadar malakali jarrohlik aralashuvi va muvaffaqiyatli reabilitasiya choralari tufayli 5 nafar bola to`la sog`ayib ketdi.
Yaqin yarim yil ichida tug`ma yurak xastaligi bo`lgan o`zbekistonlik yana 20 nafar bola bepul operasiya qilinadi.
Kam ta`minlangan oilalardagi kasal bolalarga yordam ko`rsatishni ko`zda tutadigan yangi loyiha ustida ham ish boshlash rejalashtirilmoqda.





