2015 yilda bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 20 mingdan ortiq qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, qiymati 70 mlrd. so`mdan ortiq bo`lgan tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida ushlab qolindi.
Shu bilan birga, xizmat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sidqidildan va vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarni munosib rag`batlantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. 2015 yil davomida Nukus, Termiz, Bekobod shaharlarida, bu yilgi Vatan himoyachilari kuni arafasida esa Angren shahrida bojxonachilar uchun yangi xizmat uylari qurilib foydalanishga topshirildi.
Har yili Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoni asosida yurt osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo`lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizning taqdirlanishi ezgu an`anaga aylangan. Bu yil ham huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan biri guruhi sharaflandi va ular orasida 2 nafar bojxonachilar ham bor.
Jumladan, Davlat bojxona qo`mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi katta tezkor vakili Bekzod Shukurov “Jasorat” medali bilan hamda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi chegara-bojxona posti kontrabandaga qarshi kurashish guruhi katta tezkor vakili Shahboz Razikov “Shuxrat” medali bilan taqdirlandi.





