O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 24 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigini yo`lladi.
Hurmatli askar va serjantlar, ofiser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, qadrli yurtdoshlar!
Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug` sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 24 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga ulkan mamnuniyat bag`ishlaydi.
Biz chorak asr mobaynida bosib o`tgan murakkab yo`limizga nazar tashlar ekanmiz, o`z vaqtida qabul qilingan va chuqur o`ylangan islohotlar dasturini amalga oshirish natijasida O`zbekiston bugungi kunda professional tayyorgarlikka ega bo`lgan, yaxshi ta`minlangan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mamlakatimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta`minlash bo`yicha keng ko`lamli vazifalarni samarali ado etish, fuqarolarimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo`lgan milliy armiyasiga ega, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Mamlakatimizning zamonaviy Qurolli Kuchlarini tashkil etishda harbiy qurilish sohasiga prinsipial jihatdan yangicha yondashuvning ishlab chiqilgani ko`p jihatdan hal qiluvchi omil bo`ldi. Bu yondashuv eski, o`z umrini o`tab bo`lgan, bir qolipdagi qarorlardan butunlay voz kechish, ehtimol tutilgan harbiy harakatlar teatri hamda yaqin va uzoq yon-atrofimizda shiddat bilan o`zgarib borayotgan vaziyatning o`ziga xos xususiyatlarini har tomonlama hisobga olish, shuningdek, xorijiy davlatlarning tajriba va yutuqlarini amaliy jihatdan puxta o`zlashtirishga asoslanganini ta`kidlash lozim.
Bugun biz, milliy armiyamiz tarixiy va milliy an`analarimizni saqlagan holda, harbiy qurilish va harbiy san`at sohasida dunyodagi eng yaxshi tajribalarni o`zlashtirib, chegaralarimiz xavfsizligini ta`minlashning ishonchli kafolatiga aylandi, deb g`urur bilan ayta olamiz. O`zbekiston Qurolli Kuchlarining tayanchi va suyanchi bo`lgan zamonaviy harbiy xizmatchilar timsolida biz avvalambor chuqur bilim va intellektual salohiyatga, o`z muqaddas harbiy burchini bajarish yo`lida qat`iy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega bo`lgan, ona yurtimizga sadoqatli, mard va fidoyi insonlarni ko`ramiz va ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Qadrli do`stlar!
Biz yashayotgan bugungi zamon hech qachon bir joyda to`xtab turmasligini barchamiz o`zimizga doimo yaxshi tasavvur qilganmiz va tasavvur qilamiz. Hozirgi kunda jahon miqyosida vaziyat qanday tez o`zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol tobora keskin tus olayotgani, turli qarama-qarshiliklar, mojaro va qon to`kishlar kuchayib, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi ortib borayotgani, yaqin yon-atrofimizda davom etayotgan harbiy to`qnashuvlar bizda chuqur tashvish va xavotir tuyg`usini uyg`otmasdan qolmaydi, albatta.
Yuzaga kelayotgan ana shunday murakkab va oqibatini oldindan aytib bo`lmaydigan vaziyat barchamizdan yuqori darajadagi ogohlikni saqlash va doimiy tayyorgarlik holatida bo`lishni, milliy armiyamizni yanada isloh etishga qaratilgan e`tiborni kuchaytirishni, uni zamonaviy qurol-yarog` va harbiy texnika bilan ta`minlash, qo`shinlarning jangovar tayyorgarligi samarasini oshirishni, bir so`z bilan aytganda, Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va jangovar qobiliyatini har tomonlama mustahkamlashni talab etadi.
Shu munosabat bilan bugungi kunda quyidagi vazifalarni amalga oshirish o`ta muhim ahamiyatga ega deb hisoblayman:
Birinchidan, vujudga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyatni, zamonaviy harbiy san`at sohasidagi yutuqlar va harbiy qurilish borasida to`plagan tajribamizni, shuningdek, yuz berishi mumkin bo`lgan harbiy harakatlar teatrining o`ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, milliy armiyamizning tashkiliy tuzilishi va jangovar tarkibini, qo`shinlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish lozim.
O`zbekistonga qo`shni mintaqalarda vaziyat doimiy ravishda o`zgarib, tahdidlar kuchayib borayotgan, mamlakatimiz hududiga turli bosqinchi to`dalar va qo`poruvchi guruhlarning suqilib kirish ehtimoli istisno etilmayotgan bir sharoitda harbiy tuzilmalarni, birinchi navbatda, xavf-xatar yuqori bo`lgan operasion yo`nalishlarda yanada mustahkamlash va safarbar etishga ustuvor ahamiyat berish zarur.
Ayniqsa, o`tkazilayotgan jangovar mashg`ulotlarga alohida e`tibor qaratish va ushbu yo`nalishdagi prinsip va yondashuvlarni tubdan qayta ko`rib chiqish, mashg`ulotlarni har qaysi hudud va mintaqadagi mavjud real sharoitga eng yuqori darajada yaqinlashtirish, ehtimol tutilgan dushmanning amalga oshirishi mumkin bo`lgan harakatlari xususiyatlarini aniqlash, qo`mondonlik tarkibi va shtablarni vaziyatni har tomonlama baholash va asoslangan qarorlar qabul qilishga o`rgatish o`ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, qo`shinlarni tezlik bilan bir joydan boshqa joyga ko`chirish masalalarini amaliy mashg`ulotlarda sinovdan o`tkazish, har qaysi harbiy xizmatchining qurol-yarog` va texnikani ishonchli ravishda ishlata olishi, jismoniy va ma`naviy-ruhiy jihatdan o`ta og`ir va murakkab vaziyatlarda ham mustahkam iroda va matonat ko`rsatib, o`z vazifasini sog`-omon ado etishi uchun ularning individual malakasini muntazam ravishda oshirib borish zarur.
Ana shu maqsadlarga erishishda poligonlarning to`laqonli faoliyat yuritishini va ulardan keng foydalanishni ta`minlash, buning uchun ularning infratuzilma va o`quv moddiy-texnik bazasini har tomonlama rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish darkor.
Ikkinchidan, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati, ularning harakatchanligi va tezkorligini yanada oshirishga, maxsus operasiyalar uchun mo`ljallangan kuchlar, vertolyotlar va qo`shimcha ravishda jalb etilgan boshqa texnikalardan foydalangan holda, dushmanning zaif nuqtalariga zudlik bilan shiddatli zarbalar berish malakasini puxta egallashga imkon beradigan qurol-yarog` va texnikalarning eng yangi turlari bilan qo`shinlarni ta`minlash dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish zarur.
Uchinchidan, qo`mondon va serjant kadrlar tarkibini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish masalalariga e`tiborni bir zum ham susaytirmaslik lozim. Bu borada harbiy xizmatchilarimizning o`z professional, nazariy va amaliy bilimlarini uzluksiz oshirib borishi, xizmatni o`tash va jangovar faoliyat davomida zarur bo`ladigan tajriba va ko`nikmalarni egallashi uchun barcha imkoniyatlarga ega bo`lgan Qurolli Kuchlar akademiyasi, harbiy bilim yurtlari va serjantlar tayyorlash maktablarining o`quv tizimini takomillashtirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish dolzarb ahamiyatga ega.
Shular qatorida milliy armiyamizning zamonaviy qurol-aslaha va texnika bilan bosqichma-bosqich ta`minlanishi, uning jangovar tarkibi va tuzilishidagi o`zgarishlar, qurolli to`qnashuvlarning o`zgarib borayotgan xususiyatini hisobga olgan holda, mutaxassisliklar tarkibi, harbiy fanlarni o`qitishning metod va texnologiyalari hamda o`quv dasturlari ro`yxatini doimiy tarzda yangilab, ularga aniqlik kiritib borish maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, harbiy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari tarkibining malakasini yanada oshirish, ularning chet tillarini egallashi, ta`lim jarayonlarini tashkil etish bo`yicha ilg`or xorijiy tajribalarni o`zlashtirishi va o`quv ishlariga eng yangi axborot-kommunikasiya texnologiyalarini tatbiq etish ustuvor vazifamiz bo`lib qolmoqda.
Ayni paytda Qurolli Kuchlar akademiyasi va mamlakatimizning shu yo`nalishdagi boshqa ta`lim muassasalarida harbiy fanlarning eng zarur va dolzarb yo`nalishlari bo`yicha dars berish uchun xorijiy davlatlarning etakchi harbiy ta`lim muassasalari va tadqiqot markazlari o`qituvchilari, ekspert va mutaxassislarini keng jalb etish borasidagi ishlarimizni tizimli va izchil asosda kuchaytirishimiz kerak.
To`rtinchidan, dunyo shiddat bilan o`zgarib borayotgan bugungi zamonda, xalqimizning ma`naviy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlariga mutlaqo zid bo`lgan, yot va buzg`unchi g`oyalarni jamiyatimiz hayotiga turli yo`llar bilan singdirishga qaratilgan urinishlar kuchaygan, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongini egallash uchun keskin kurash ketayotgan bir sharoitda, harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatgacha bo`lgan yoshdagi farzandlarimizni tarbiyalash va ularning ma`naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirish borasidagi ishlarning roli va o`rni tobora ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan ta`lim muassasalari, harbiy va mehnat jamoalarida, mahallalarda yoshlarimiz qalbida Vatanga yuksak muhabbat, Qurolli Kuchlarimizdan g`ururlanish va harbiy xizmatga chuqur hurmat tuyg`ularini kamol toptirish maqsadida harbiy vatanparvarlik yo`nalishidagi tadbirlarni tashkil etish va o`tkazish bo`yicha ishlarni yanada kuchaytirish, hech shubhasiz, alohida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday uzoq muddatga mo`ljallangan, dolzarb vazifalarni amalga oshirishda Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda boshqa jamoat tashkilotlari va tuzilmalar, madaniyat, san`at va sport sohalarining ko`zga ko`ringan namoyandalarining o`rni va ta`siri beqiyos, albatta.
Bunday o`ta muhim ishda rasmiyatchilik va yuzaki yondashuvlardan voz kechgan holda, ommaviy axborot vositalari va Internetning milliy tarmog`i imkoniyatlaridan keng foydalanish katta ahamiyatga egadir.
Beshinchidan, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, turar-joy, maishiy va tibbiy xizmat bilan ta`minlash bo`yicha davlat dasturlarini so`zsiz bajarish zarur. Yurtimizda 2016 yilning “Sog`lom ona va bola yili” deb e`lon qilinishi munosabati bilan qabul qilingan hukumat qarorlari va davlat dasturlari doirasida harbiy xizmatchilarning oila a`zolarini moddiy va ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga qaratilgan aniq, kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari nufuzini yanada mustahkamlashning hal qiluvchi omili avvalo harbiy xizmatni o`tash uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, harbiy xizmatchilar va ularni oilalarining ijtimoiy himoyasi va farovonligini ta`minlash bilan uzviy bog`liqdir.
Hurmatli vatandoshlar!
Fursatdan foydalanib, bizning Harbiy doktrinamiz mudofaa xarakteriga ega ekanini, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish yo`lidagi barcha sa`y-harakatlarimiz birinchi navbatda mamlakatimizning davlat suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga qaratilganini yana bir bor ta`kidlamoqchiman.
Aynan shuning uchun ham O`zbekiston hech qaysi harbiy blokka qo`shilmaydigan davlat sifatida, har tomonlama chuqur o`ylagan va to`liq anglagan holda, o`zi uchun prinsipial ahamiyatga ega bo`lgan muhim yo`lni tanlab oldi va shu yo`lda qadam qo`ydi. Ya`ni, mamlakatimiz tinchliksevar siyosat olib borish, harbiy-siyosiy ittifoq va koalisiyalarga qo`shilmaslik, o`z hududida xorijiy harbiy baza va ob`ektlarni joylashtirmaslik, yurtimizdan tashqarida bo`ladigan tinchlikparvarlik operasiyalarida qatnashmaslik bo`yicha o`z pozisiyasini aniq-ravshan belgilab oldi.
Bugungi bayram ayyomida, avvalambor, o`zining sharafli, olijanob va mas`uliyatli burchini – Vatanni himoya qilishdek buyuk vazifani munosib ado etayotgan harbiy xizmatchilarning ota-onalariga chin qalbdan o`zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Yangi – 2016 yilda Qurolli Kuchlarimiz saflarida muqaddas burchini bajarib kelayotgan siz, mard va botir o`g`lonlarimizga – oddiy askar va serjantlarga, ofiser va generallarga Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish yo`lida mustahkam sog`liq, kuch-quvvat va katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga baxt va farovonlik tilayman.





