12 yanvar – “Vatanga qasamyod” monumenti ochilgan kun.
Prezidentimiz Islom Karimov g`oyasi va tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan «Vatanga qasamyod» monumenti el-yurtimizning Vatan himoyachilariga chuqur hurmat-ehtiromi, muhabbatining ifodasidir. Bu go`zal majmuada askar davlatimiz bayrog`ini ko`ziga surtib, Vatan himoyasi uchun doimo tayyorligini bildirib, tiz cho`kib qasamyod qilayotir. Uning elkasi uzra mard va jasur o`g`lonni bag`rida avaylab o`stirgan Vatan timsoli – munis va mo``tabar ona harbiy xizmatga otlangan farzandini duo qilib, unga oq yo`l tilamoqda.
Biz oriyat va g`ururni hamma narsadan ustun qo`yadigan, lafzi halollikni sharaf deb biladigan, bir so`zli xalqmiz. Shunday ekan, farzandlarimiz – Vatan himoyachilarining qasamyod qabul qilish marosimi shunchaki rasmiy tadbir emas. Bu asl o`g`lonlarimiz, mard va jasur yigitlarning o`z xalqiga, Vataniga, Prezidentiga, ota-onasiga berayotgan va`dasi, lafzidir.
"Vatanga qasamyod" monumenti poyidan gulchambarlar arimaydi. Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan bu erga tashrif buyuruvchilar safi yanada ko`paygan. Ular orasida yigitlik burchini o`tayotgan askaru ofiserlar, oliy harbiy ta`lim muassasalari kursantlari, umumta`lim maktablari, lisey va kollejlar o`quvchilari, oliy o`quv yurtlari talabalari, ota-onalar, poytaxtimiz mehmonlarini ko`rish mumkin.
“Vatanga qasamyod” monumenti yoshlarimizni ona yurtga mehr-muhabbat, sadoqat, mardlik va jasorat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, Vatanni ko`z qorachig`idek asrash, uni himoya qilish mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas va sharafli burchidir.





