Prokuratura organlari tomonidan tadbirkorlarning huquqiy himoyasini ta`minlash, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasidagi vazifalarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda.
Xususan, 2015 yil 1 iyuldan Bosh prokuraturada joriy qilingan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga asossiz aralashishga doir murojaatlarni telefon orqali qabul qilish tizimi samarali faoliyat ko`rsatib kelmoqda.
Kelib tushayotgan murojaatlar 12 ta operatorlar tomonidan tunu-kun qabul qilinib, ularni ko`rib chiqishda tadbirkorlik sub`ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, ularga har tomonlama yordam ko`rsatish, faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlariga yo`l qo`ygan mansabdor va boshqa mas`ul shaxslarga nisbatan qat`iy choralar ko`rishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Buni murojaatlarni qabul qilish Markaziga 2015 yil 1 iyuldan 31 dekabrga qadar 26612 ta, shundan tadbirkorlardan 1587 ta murojaatlar kelib tushganidan ham bilish mumkin, bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar beradi.
Murojaatlarni ko`rib chiqish natijasiga ko`ra 5,9 mlrd. so`mlik ish haqi, pensiya, nafaqa pullari to`lanishi ta`minlandi, 486 mln. so`mlik aliment va boshqa qarzdorliklar undirildi, noqonuniy qarorlarni bekor qilish yuzasidan 101 protest keltirildi, 20,09 mlrd. so`m pul mablag`larini undirish haqida sudlarga 376 ta arizalar, huquqbuzarliklarning sabab va sharoitlarini bartaraf etish bo`yicha 163 ta taqdimnomalar kiritildi. Shuningdek, jiddiy qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 168 ta jinoyat ishlari qo`zg`atilib, 319 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi.
Shu jumladan, tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlar bo`yicha 7 ta jinoyat ishlari qo`zg`atildi, 26 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi, noqonuniy qarorlarni bekor qilish yuzasidan 19 protest keltirildi, huquqbuzarliklarning sabab va sharoitlarini bartaraf etish bo`yicha 10 ta taqdimnomalar, 0,63 mlrd. so`m pul mablag`larini undirish haqida sudlarga 9 ta arizalar kiritildi hamda tadbirkorlarga 6,1 mlrd. so`mlik kreditlar ajratilishida yordam ko`rsatildi.
Murojaatlarning tezkorlik bilan ko`rib chiqilishini ta`minlash maqsadida Markazda 34 ta vazirlik va idoralar bilan elektron axborot almashinuvi tizimi yaratilib, tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilishning ustuvorligini ta`minlash uchun dasturiy mahsulotga o`zgartirishlar kiritilmoqda. Har bir murojaatning hal etilishi ustidan elektron nazorat joriy qilingan.





