Yurtimiz futbolida aka-uka bo`lgan ko`plab futbolchilarni uchratish mumkin. Ayrimlari bitta jamoada o`ynasa, bazilari umuman boshqa-boshqa klublar sharafini himoya qiladi. Darakchi.uz internet portali yurtimiz futbolidagi aka-uka futbolchilar bilan sizlarni tanishtiradi.
Odil va Azim Ahmedov
Rossiyaning “Krasnodar” klubida to`p surayotgan Odil Ahmedovni bugungi kunda barcha yaxshi biladi va taniydi. Uning ukasi Azim ham futbolchi. O`tgan yillarda u “Navbahor”da to`p surgandi. Endilikda esa “Paxtakor” sharafini himoya qilmoqda. Har ikkisi ham yarim himoya chizig`ida yaxshi o`yin ko`rsata olishini namoyish qilgan.
Temur va Kamron Kapadze

“Lokomotiv” sardori Temur Kapadze juda mahoratli o`yinchilar sirasiga kiradi. Kapadzelar sulolasining yana bir vakilli Kamron esa “Neftchi”da to`p surdi. E`tiborlisi, Temur Kapadze yarim himoyachi hisoblanadi. Kamron esa himoyada to`p suradi.
Zayniddin, Kamoliddin va Farhod Tojievlar

Bu oila vakillari juda iqtidorli. Zayniddin va Farhod hujumchi sifatida ko`plab jamoalar sharafini ximoya qilgan. Kamoliddin esa himoyachi ampluasida ishonchli o`ynaydi. Ular vaqtida bitta jamoada to`p surgan. Keyinchalik esa raqib sifatida o`zaro to`qnash kelgan.
Sarvar va Sanjar Shoahmedov

Shoahmedovlar oilasi vakillarining biri futbolchi bo`lsa, boshqasi futzalda to`p suradi. Sanjar “Lokomotiv”ning o`tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi bo`lgandi. Sarvar esa futzal bo`yicha “Lokomotiv” klubida to`p suradi. Har ikkisi ham yarim himoyachi hisoblanadi.
Sardor va Sanjar Rashidov

“Bunyodkor”da o`sgan va Qatar chempionatiga yo`l olgan Sardor Rashidovning ukasi Sanjar ham futbolchi. U bugungi kunda “So`g`diyona”da o`ynamoqda. Uning eng kichik ukasi Sahob ham millionlar o`yinida omadini sinab kelmoqda. Faqatgina yosh bo`lganligi bois, Sahob “So`g`diyona”ning o`rinbosarlarida faoliyat olib boryapti.





