Toshkent shahridagi Inha universiteti maktab, lisey va kollej o`qituvchilari o`rtasida o`tkazilgan matematika tanlovi g`oliblarini e`lon qildi.
Maktab, lisey va kollej o`qituvchilari o`rtasida o`tkazilgan matematika tanlovi «Ajoyib matematika festivali» doirasida tashkil etildi.
Tanlov shartlariga ko`ra, maktab, lisey va kasb-hunar kollejlarida matematika fanidan dars berayotgan o`qituvchilar universitet tomonidan taqdim qilingan vazifalarni ingliz tilida echishlari kerak edi. Tanlovga kelgan ishlarni Toshkent shahridagi Inha universitetining koreyalik mutaxassislari baholadilar.
Tanlov hakamlar hay`atining qaroriga ko`ra, birinchi o`rinni Toshkent shahridagi Vestminster universiteti qoshidagi akademik lisey o`qituvchisi Elizaveta An qo`lga kiritdi. Unga planshet kompyuteri topshirildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik lisey o`qituvchisi Sardorbek Pirnapasov ikkinchi o`rin va smartfon g`olibiga aylandi.
Qashqadaryo viloyatining Kitob shahridagi 3-sonli akademik lisey o`qituvchisi Oybek Sharapov uchinchi o`rinni egalladi. Unga tashqi xotira diski topshirildi.





