“E`tirof” milliy mukofotini topshirish marosimida “San`at sohasidagi xizmatlari uchun” marhum san`atkor Nuriddin Haydarov ham taqdirlandi. “E`tirof”ni san`atkorning o`g`li Hojiakbar Haydarov qabul qilib oldi. Hojiakbarning o`zi ham qo`shiq kuylaydi. Uning “Yorijonim” va “Otamga” nomli qo`shiqlari muxlislar e`tiboriga tushgan. Hojiakbar “Darakchi.uz” sayti muxbiri bilan suhbatda oilasi va kelajakdagi rejalari haqida gapirdi.
—Otangiz Nuriddin Haydarovning so`nggi kunlari haqida gapirib bersangiz?
—Dadam Mustaqillik maydoniga bayram oldi repitisiyaga ketayotganlarida yuraklari xuruj qilib qolgan ekan. O`shanda yonlarida bo`lgan Sunnat aka degan shogirdi darhol Qoraqamishdagi gospitalga olib borib reyanimasiyaga yotqizgan ekan. Ahvoli og`irligini aytmasdan bizga faqat oshqozonlari og`rib qolibdi, deb xabar berishgan. Shifoxonaga borganimizda oyim nima gapligini tushunganlarida shok holatga tushib qolgandi. Men va ukam hali yosh bo`lganimiz uchun nima bo`layotganini aniq bilmaganmiz. O`shanda men 14, ukam 11 yoshda bo`lganmiz. Reyanimasiyada 2-3 kun yotganlaridan keyin ham bizni dadamni oldilariga qo`yishmagan, faqatgina derazadan qarashga ruhsat berishgandi xolos. O`shanda ozgina biz bilan gaplashib bizning sog`ligimizni so`ragan edilar. 3 oktyabr kuni to`satdan olamdan o`tib qolganlar. Dadam rahmatli Farg`ona viloyati Akbarobod tumanidan bo`lgan. Dadam o`tganlarini eshitgan odamlar shaharga kiraverishdagi 5 km masofadagi yo`llarning xazonlarni supurib, tozalab kutishgan. Butun tuman ahli dadamni shu erga qo`yishar ekan, deb kutishgan ekan. Ammo dadamni Toshkentdagi Qayloq ota mozoriga qo`yganmiz. Dadamning do`stlari, san`atkorlar hozirgacha menga ta`kidlab aytadigan bir gaplari bor Nuriddin aka 47 yil umr ko`rib, 100 yilda qilib bo`lmaydigan ishlarni qilib ketdi deyishadi.
—E`tirof- 2015 kuylaganingizda muxlislar sahnada xuddi dadangizni ko`rgandek bo`lishibdi?
—Ota kasbini davom ettirish har bir farzandning burchi deb o`ylayman. Sahnada dadamning muxlislariga o`zim aytmoqchi bo`lgan gaplarni imkon qadar etkazishga harakat qildim. Sahnaga chiqayotganimda dadangizning “Yur, muhabbat” qo`shig`ini kuylab bering, deya taklif qilganlari sababli ushbu qo`shiqni kuyladim. To`g`risi, dadamni shuncha xotirlab, ular o`tgandan keyin ham ularni ehtirom qilgan barcha- barchadan minnatdorman. Mening qo`shiqlarimni tinglab dadamni eslashsa bu meni eng katta yutug`im.
—Mutaxasisligingiz, avval qaysi sohada faoliyat yuritgansiz shular haqida gapirsangiz?
—Bolaligimda otam rahmatli arxitektor bo`lasanmi, deb so`rardilar. Sababi bolaligimdan har xil uy maketlarini yasab yurardim. Lekin Arxitektura institutiga topshirib kira olmaganman. Oila tashvishlari sal oldinroq bo`ynimga tushganidan keyin, mas`uliyatni ertaroq his qilganman. Ko`p ishlashimga to`g`ri kelgan.
—Qanday ishlar bilan shug`ullangansiz?
—16 yoshlik vaqtimda o`quv markazida kompyuter saboqlaridan dars berganman. Liseyni tugatib o`qishga kira olmadim, ikki yil ro`zg`or bilan ovora bo`lib qoldim. Ayni damda universitetning 2 kursida to`lov-shartnoma asosida o`qiyman.
—Dadangizni ijodidagi eng yoqtirgan qo`shiq qaysi, o`sha qo`shiqni kuyladingizmi?
—Dadamning ijodidagi qo`shiqlarning hammasi menga yoqadi. Ammo ko`plarini hozir kuylay olmayman. Sababi ularni kuylash uchun etarli mahorat, vaqt, o`z ustimda ishlashim kerak. Hozirgacha “Yur muhabbat”, “Yulduzim” kabi qo`shiqlarini kuylaganimning sababi kutishga sabrim etmaganidan.
—Otangizni shogirlari orasidan va boshqa san`atkorlar orasidan dadangiz olamdan o`tgandan so`ng sizni qo`llab quvvatlaganlar ham bo`ldimi?
—Dadamdan keyin ularning shogirdlari, do`stlari menga sen dadangni yo`lini davom ettirishing kerak deyishgandi. Ammo onam bunga qarshi bo`lganligi sababli ular hech narsa deya olmaganlar. Chunki onam san`atkorning ayoli bo`lganligi uchun bu yo`lning barcha qiyinchiliklarini bilganlar. San`atkorlar orasidan bizga yordam bergan Dilmurod Islomov va Bekmurod Jo`raevlarni alohida ta`kidlasak bo`ladi. Bizning og`ir kunlarimizda yonimizda turib qo`llab- quvvatlaganlarga rahmat deyman.
—Onangizni qanday ko`ndirdingiz?
—Men to`rt yildan buyon dadamni yo`lini olib ketish uchun jiddiy kirishganman. Ungacha ham qo`shiqlar aytib yurardim-u, ammo unaqa jiddiy emas edi. O`sha vaqtgacha “Nega sen dadangni yo`lini davom ettirmayapsan?” degan savollarga javobim yo`q edi. Sababi onamni ruxsat bermayaptilar, deb ayta olmasdim. Onamni ham yaxshi tushunardim ular meni qiynalmasin, otasi ko`rgan mashaqatlarni, zahmatlarni ko`rmasin deganlarda. Ammo bir amallab ularni ko`ndirdim.
—Shou- biznesda faoliyatni yuritish uchun, faoliyatni davom ettirish uchun yaxshigina daromad kerak. Mablag` tomonidan qiynalmayapsizmi?
—Shu sohaga jiddiy kirishganimdan keyin qachon xalqqa ijodimni ko`rsatishga loyiq deb hisoblasam keyin katta mablag` tikaman, deb oldimga maqsad qilib qo`yganman. 2-3 yil davomida ijodda, hayotda oq-qorani tanidim, bildim. To`g`risi hozir mablag` tomonidan qarindoshlarimiz beminnat yordam qilishyapti. Muxlislarimizga bir klipni taqdim qilishgacha bo`lgan jarayonnning o`ziga ham ancha pul ketadi. Bu daromadning aksari qismi to`ydan topilishi ham sir emas.
—Muxlislar yaxshi kunlarga, to`y tantanalarga chaqirishyaptimi?
—Shu 2015 yilda juda ko`p xizmatlarda bo`ldik.
—Asosan xizmatlar qaysi viloyatlarda bo`lyapti?
—Poytaxtda ko`proq “birrov”larga borayapmiz. Deyarli barcha viloyatlarda “navbatchi xonanda” sifatida xizmat qilyapmiz. Maqsadim shou biznes orqasidan boyib ketish emas, aksincha san`atdan topganimni san`atga tikish.





