Yigirma uch yoshgacha bo`lgan futbolchilar o`rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko`rayotgan O`zbekiston olimpiya terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tashkil etilgan navbatdagi o`quv-mashg`ulot yig`ini doirasida iordaniyalik futbolchilarga qarshi o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazdi.
Unda Samvel Babayan shogirdlari 2:1 hisobida g`alaba qozondi. O`yinning birinchi bo`limida hisob ochilmadi. 64-daqiqada Igor Sergeev raqib darvozasini aniq nishonga olgan bo`lsa, oradan to`rt daqiqa o`tib Mahmud Al Mardiy hisobni tenglashtirdi. 78-daqiqada yana Igorning o`zi iordaniyaliklar darvozasini ishg`ol qilib, terma jamoamiz g`alabasini ta`minladi.
O`zbekiston futbol federasiyasidan ma`lum qilishlaricha, mazkur o`yin O`zbekiston olimpiya terma jamoasining Qatarda bo`lib o`tadigan 23 yoshgacha futbolchilar o`rtasidagi Osiyo chempionati oldidan so`nggi nazorat uchrashuvidir. Futbolchilarimiz 9 yanvar kuni Qatar poytaxti Doha shahriga yo`l olishadi.
Osiyo chempionati bahslari 12-30 yanvar kunlari bo`lib o`tadi. Chempionatda sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritgan uchta terma jamoaga XXXI yozgi Olimpiya o`yinlariga yo`llanma beriladi.
Terma jamoamiz qit`a chempionatida “S” guruhida Iroq, Janubiy Koreya va Yaman olimpiya terma jamoalari bilan kuch sinashadi. Futbolchilarimiz dastlabki uchrashuvni 13 yanvar kuni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o`tkazadi.





