AsosiyJamiyat

Sun`iy sut bilan bola ulg`aytirishga ruju qo`ygan mamlakatlarda bepushtlik 15 foizgacha qayd etilmoqda

Ona suti tarkibida chaqaloq organizmi uchun zarur barcha mikro va makro elementlar mavjud bo`lib, engil hazm bo`lishi bilan birga, go`dakni turli infeksiyalardan himoya qiladi.

Chaqaloq ona sutini birinchi marta emganida emlanadi, chunki ko`krak sutidan bolada kasalliklarga qarshi immunitet hosil bo`ladi. Ona suti bilan oziqlanishni 2 yoshgacha va undan ko`proq davom ettirish zarur. Bolani sun`iy oziqlantirishda diareya va yuqori nafas yo`llari infeksiyasi, A vitamini etishmovchiligi kelib chiqishi mumkin. Ona sutida esa S, V, A guruhi vitaminlari mavjud. Bu bolaning vitaminga bo`lgan ehtiyojini to`la ta`minlaydi.

Hozirgi kunda ayrim mamlakatlarda onalar o`zlarining nasliy majburiyatlarini unutib qo`ymoqda. Sun`iy sut tarkibini ona suti tarkibiga yaqinlashtirish maqsadida kimyoviy laboratoriyalar tashkil qilinmoqda. Oqibatda bolalarga mo`ljallangan sun`iy ozuqalar ko`payib, ona sutidan benasib bolalar ulg`aymoqda. Bu onalar o`rtasida gipolaktiya (ko`krak sutining kamayishi) yoki sutning mutlaqo ajralmay qo`yishiga olib kelmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, sun`iy sut bilan oziqlantirilgan bola ulg`ayganida yurak, qon-tomir xastaliklari, xafaqon, ateroskleroz, qand kasalligining insulinga tobe shakli, ko`rish o`tkirligining kamayishi, ruhiy kasalliklarga duchor bo`lishi ona suti bilan boqilgan tengdoshlariga nisbatan 30-40 marta ko`proq qayd etilmoqda.

Sun`iy sut bilan boqilgan qizlar ona bo`lganida ularning 70 foizdan ortig`i dunyoga keltirgan bola me`yoriy vaznidan ancha past va kamqonlikka moyil bo`ladi.

Olimlarning qayd etishicha, sun`iy sut bilan oziqlantirilib katta bo`lgan onalarning qizlarida bepushtlik 4 barobar ko`proq uchrar ekan. Achinarlisi, bunday bepushtlikni davolashning iloji yo`q ekan. Hozirgi paytda sun`iy sut bilan bola ulg`aytirishga ruju qo`ygan mamlakatlarda bepushtlik 15 foizgacha qayd etilmoqda.

Ayrim ayollar qomatim buzilmasin, deb chaqaloqni emizmaydi, qo`shimcha ozuqalar beradi. Afsuski, bunday bolalarda turli kasalliklarga chalinish tez-tez kuzatiladi.

– Bola emizishning ona uchun hech qanday salbiy jihati kuzatilmagan, –   deydi tibbiyot fanlari nomzodi Gulnoza Yusupova. – Ona o`z farzandiga sut orqali butun borlig`ini in`om etar ekan, bu holat uning salomatligiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Emizish ayolda saraton xastaligining oldini oladi. Homiladorlik davri va tug`ruq jarayoni, emizish davomida ona organizmi butkul yangi holatga moslashib, garmonal jihatdan qayta tiklanadi. Moddalar almashinuvi jadal kechgani bois onaning jismoniy va ruhiy holati yaxshilanadi. Shu bilan birga, ona suti ayolni bevaqt homiladorlikdan asraydi. Ona sutining bir me`yorda kelishi uchun kuniga bir litrdan ortiq suyuqlik ichish zarur. Oila a`zolari emizikli go`dagi bor onani har tomonlama qo`llab-quvvatlashi, ruhiy ko`mak berishi kerak. Go`dakni emizayotgan onaning kundalik taomnomasida to`yimli taomlar bo`lishi shart. Bir kunda 5 mahal, emizishdan 30-40 daqiqa oldin ovqatlanishi kerak. Shokolad, kakao, qahva, sitrus mevalar, asal, yong`oq kabi mahsulotlardan chegaralanishi lozim. Piyoz, sarimsoq hamda dorivorlar ona sutiga ta`m va hid beradi. Ularni kamroq iste`mol qilgan ma`qul. Emizikli ayollarga spirtli ichimliklar qat`iy taqiqlanadi.

Xalqaro tabiiy ko`krak suti bilan oziqlantirish bo`yicha maslahatchilar assosiasiyasi ma`lumotlariga qaraganda, bolada shamollash boshlanayotganda u isitmalasa, ona sutida penisillin yoki dimedrol birikmalari paydo bo`ladi. Chaqaloqning ichi buzilsa, laktobakteriyalar soni keskin ortadi. Umuman, kasallikka chalingan taqdirda ham ona suti bilan oziqlanayotgan go`dakda uni engish oson kechadi va tezroq tuzaladi. Infeksiyaga qarshi unsurlar, ya`ni immun hujayralar bolaga sut bilan tayyor holda o`tadi. Demak, ona suti – bebaho ne`mat.

 

    Boshqa yangiliklar