AsosiySUG'DIYONA

Hosila Rahimovadan tandir kabob va parhezli salat resepti

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila Rahimovaga qachon qo`ng`iroq qilmaylik, viloyatlar bo`ylab gastrol safarlarida yurgan bo`ladi. Lekin har qancha vaqti tig`iz bo`lmasin, xonandani “O`zbegim oshxonasi” sahifasining yangi yil soni uchun pazandalik qilishga ko`ndirdik.  Hosila Rahimova bizga  surxoncha tandir kabob tayyorlab bermoqchiligini aytganida avvaliga bir oz hayratlandik. Sababi, tandir kabobni tayyorlashning o`ziga yarasha mashaqqati bor,  qolaversa, bu xushxo`r taomni asosan erkaklar tayyorlaydi. Lekin ko`plab qo`shiqlari klipida ot chopdirib, muxlislarga o`z chavandozlik mahoratini namoyish etgan Hosila Rahimova tandir kabobni ham maromiga etkazib tayyorlashiga shubhamiz yo`q edi.

Xullas xonanda beliga fartukni taqib,  chaqqonlik bilan tandir kabob tayyorlashga kirishdi.    

— “Tandir kabob” Surxondaryo viloyatida eng qadrli va nozik mehmonlar uchun tayyorlanadi hamda bayramlarda, to`y-xashamlarda tansiq taom sifatida dasturxonga tortiladi. Ayniqsa, yangi yil bayram dasturxoningizda tandir kabob bo`lsa, bayram ustiga bayram bo`lishi hech gap emas (kulib)”

Avval 12 kg. shirvoz, ya`ni yangi so`yilgan qo`zichoq go`shtini olib uni tuzlaymiz. Muxlislarimizda nega aynan shirvoz go`shti degan savol tug`ilishi tabiiy. Sababi, juda yumshoq va mazaliligi bois azaldan ota-buvalarimiz  tandir kabobni faqat shirvoz go`shtidan tayyorlashgan. Mana, shirvoz go`shtini tuzlab oldik. Endi lahm joylariga pichoqni botirib 10 sm. uzunlikda kesib chiqamiz. Go`sht orasi yaxshi pishishi uchun shunday tartibda kesish kerak.

So`ng kashnich urug`i va ziraini olib har bir kesilgan qismiga sepiladi. Keyin go`shtning kesilgan qismiga maydalangan sarimsoqpiyoz solamiz.

So`ng pomidorni qirg`ichdan o`tkazib, suvini go`shtning hamma qismiga surtib chiqamiz.

Ana shundan keyin archa shoxlarini sindirib go`shtning kattaligiga moslab,  10 sm.dan kesilgan qismlari orasiga tiqib chiqamiz.

Tandir kabobning eng asosiy jihati ham undan archaning xushbo`y hidi taralib turishi va xushta`m mazasidir. Archa va ziravorlarning mazasi, hidi go`shtga o`tishi uchun bir soatga tindirib qo`yiladi. Istasangiz go`shtning dumba qismini olib tashlashingiz ham mumkin.

Ushbu taomni qadimda cho`ponlar  erda kavlab yasalgan tandir ichida pishirishgan. Bu taomni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, dala dashtlarda qo`y-qo`zi boqib yurgan cho`ponlar kashf etgan, desak ham bo`ladi.

Go`sht tindirilgach, tandir  kabob pishirish uchun mo`ljallangan temirni olib go`shtni unga ildiramiz. So`ng 4 soat davomida qizdirilgan tandirning taftini tekshirib, temirga ilingan go`shtni tandirning og`ziga qo`yib, tandirni qopqog`i bilan berkitamiz.

Bir soatdan so`ng  tandir kabobimiz tayyor bo`ldi. Taom bir oz sovugach archa shoxlaridan tozalab olinadi va bo`laklarga bo`lib, likopchalarga tortiladi.

Tandir kabob uchun kerakli masalliqlar (6 yoki 8 kishi uchun):

12 kg. shirvoz (qo`zichoq) go`shti, 1 dona sarimsoqpiyoz, 1 dona pomidor, ta`bga ko`ra tuz, zira, kashnich va archa shoxlari

Italyancha  “mosarella”  salati

Bayram kuni xohlaymizmi-yo`qmi, ko`p taom ist`emol qilamaz. Shu sabab bayram dasturxonida hazmi oson, engil salatlar bo`lishiga e`tibor beraman. E`tiboringizga havola etilayotgan italyancha “Mosarella” salati tayyorlash sirini o`rganib olsangiz, uni parhez taom sifatida iste`mol qilishingiz mumkin.

Ushbu salat mosarella deb nomlanishiga sabab unga shu nomli pishloq qo`shiladi. Birinchi o`rinda o`rtacha kattalikdagi pomidorni olib ko`ndalangiga 0,5 mm qalinlikda to`g`rab chiqamiz. Mosarella pishlog`ini ham xuddi pomidor kabi to`g`raymiz va pomidor va pishloq bo`laklarini ustma-ust joylashtirib chiqamiz. So`ng ustidan kedr yong`og`i, quritib maydalangan rayhon kukuni hamda zaytun moyidan tayyorlangan maxsus sousni quyamiz. Salatimiz chiroyli ko`rinishda bo`lishi uchun sousni likopchaning chetlariga ham gul shaklida tomizib chiqish mumkin. So`ng ta`bga ko`ra rukkola o`tlaridan ham bezak sifatida foydalanish mumkin. Rukkola o`ti tarkibida inson organizmi uchun foydali bo`lgan  E, V guruhi vitaminlari, S,  A, K,  vitaminlari, shuningdek, rux, magniy, selen, natriy,  fosfor, marganes  kabi ko`plab foydali moddalar mavjud bo`lib, Italiya oshxonalarida bu ko`katdan ko`p foydalaniladi.

“Mosarella” salati uchun kerakli masalliqlar:

(1 kishi uchun)

1 dona pomidor, 200 g mosarella pishlog`i, kedr yong`og`i, rukkola ko`kati hamda  zaytun moyi, quritib maydalangan rayhon kukunidan tayyorlangan sous kerak bo`ladi. 

           

 

 

    Boshqa yangiliklar