Mazkur savolga huquqshunos Xushnudbek Hudoyberdiev o`z mikroblogida oydinlik kiritdi.
"Bugun bir qator elektron OAVlarda doimiy propiskaga kirish uchun internet orqali ariza yuborish mumkin bo`ldi degan xabarlar tarqaldi. Doimiy propiska degan so`zni eshitganda o`zgacha hayajonga tushadigan insonlar orasida esa bu xabar yashin tezligida tarqalib ketdi.
Telefonlar, internet orqali maktublar juda ko`p keldi. Va oxiri shu haqida nimadir qoralash zaruriyati borligini tushunib etdim. Demak, hozir Siz bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan Yagona portal orqali ko`rsatiladigan xizmat aslida nima ekanligi haqida suhbatlashamiz.
Oldindan aytib qo`yay, haliyam osongina internet orqali Toshkentga doimiy propiskaga kiraman deb o`ylab o`tirgan shaxslar, ushbu maqolani o`qimasdan chiqib ketishlari mumkin. Chunki quyida ularni xursand qiladigan biron gap yo`q.
O`ZI BU QANDAY XIZMAT?
Eng avvalo bir narsani yaxshilab bilib olishingizni istar edim:
Bu xizmat propiskaga kirish uchun ariza yuboradigan xizmat emas, bu xizmat orqali Siz to`g`ridan-to`g`ri propiskaga kira olmaysiz;
Bu xizmatni doimiy propiskaga hech qanday aloqasi yo`q. Bu vaqtinchalik propiskaga taalluqli.
Yagona portaldagi xizmat nomi quyidagicha:
“O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro`yxatga qo`yish va ro`yxatdan chiqarish uchun zarur bo`lgan hujjatlar namunalarini olish”
Xizmat haqidagi xabarda quyidagicha yozilgan:
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yangi interaktiv xizmati O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro`yxatga qo`yish va ro`yxatdan chiqarish uchun zarur bo`lgan hujjatlar namunalarini olish imkoniyatini beradi. Ushbu xizmatning natijasi O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro`yxatga qo`yish va ro`yxatdan chiqarish uchun zarur bo`lgan hujjatlar namunalarini olish bo`lib hisoblanadi. Yagona portal
Demak, bu xizmat propiskaga kirish uchun ariza yuboradigan xizmat emas.
Bu shunchaki propiska uchun zarur bo`ladigan hujjat namunalarini olishda yordam beradi xolos. Namuna degan so`zga yaxshilab e`tibor berishingizni so`rar edim. Namuna degani, o`z-o`zidan aytib turibdiki, propiskaga kirish degani emas.
UNDA BU XIZMAT NIMAGA YoRDAM BERADI?
Yaxshi savol. Men ham shunga qiziqib ko`rdim. Aniq javob topa olmadimku, lekin mening xulosam quyidagicha:
Bu xizmat Sizga propiskaga kirish uchun topshiradigan arizani to`ldirishga yordam beradi. Yana e`tibor bering: ariza to`ldirishga yordam beradi, ariza yuborishga emas!
Nega men aynan ariza to`ldirishga yordam beradi deyapman? Sababi vaqtinchalik propiskaga kirish uchun milisiya tayanch punktiga (“uchastkovoy”) topshiriladigan hujjatlar ichida arizadan boshqasini internet orqali olib bo`lmaydi. Ishonmasangiz, o`zingiz bir ko`ring.
2012 yil 20 maydagi “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risida”gi yo`riqnomaning 4-bandiga ko`ra, vaqtinchalik propiska uchun quyidagi hujjatlarni topshirish zarur:
ariza;
pasport;
16 yoshga to`lmagan shaxslar uchun – tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma va 35x45 mm o`lchamli ikkita fotosurat;
turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berishi to`g`risidagi arizasi (roziligi);
turar joy uchun hujjatlarning nusxalari;
hisobga olish uchun davlat boji to`langanligi to`g`risidagi kvitansiya.
Xo`sh, shu hujjatlardan qaysi birining namunasini internet orqali olishim mumkin deb o`ylaysiz, qani aytingchi? Pasportnimi? Yoki 35x45 mm o`lchamli fotosuratnimi? Yoki uy egasining roziliginimi? Albatta yo`q. Bu erda Yagona portal orqali berilishi mumkin bo`lgan bitta-yu bitta hujjat, bu ham bo`lsa – ariza.
Keling, chalkashmaslik uchun, xulosa qilamiz:
Demak, Siz Yagona portalga kirasiz. Maxsus xizmat orqali kerakli formani to`ldirasiz va yuborasiz. Bunga javob sifatida vaqtinchalik propiskadan o`tish uchun topshiradigan arizangizdan namuna olasiz. O`sha olgan namunangizni printerdan chop etasiz, yoniga yo`riqnomada ko`rsatilgan boshqa zarur hujjatlarni ham qo`shasiz (pasport, uy egasining roziligi, uy hujjatlari va h.k.) va milisiya tayanch punktiga borasiz hamda yig`ilgan barcha hujjatlarni topshirasiz.
Ana, ko`rdingizmi, bu onlayn ariza topshirish emas, balki onlayn ariza to`ldirish xizmati. Yanada jaydari tilda aytganda, bu xizmat barcha xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limlari (pasport stol) oldida Sizga hujjatlarni taxlash va arizalarni to`ldirishga yordam beradigan “Stol uslug” degan xizmat bor-ku, xuddi ana shu xizmatning internetdagi ko`rinishi. Xohlasangiz, internet orqali 2 ming 604 so`m (EKIHning 2%i) to`lab ariza to`ldiring, xohlang o`sha siz-u biz bilgan “Stol uslug”dagi qizlarga borib (balki yigitlar ham ishlar, lekin asosan qizlar-da) to`ldirtiring. Sizda 3-variant ham bordir, bunisi o`zingizga havola.
P/S: Menga haligacha qiziq, xizmat narxi EKIHning 2%i deyilgan, ammo qanday to`lov qilish mumkinligi tushuntirilmagan. Pulni qanday echib olisharkin-a? Yoki bankka borib, to`lov qilib, kvitansiyasini skaner qilib, uni ham portalga yuklaymizmi? Iye, shuncha ovoragarchilikdan ko`ra, to`g`ri milisiya tayanch punktiga borish osonroq bo`ladi-ku. Menimcha, keyinchalik ushbu xizmat uchun to`lovni bekor qilishsa kerak. Yana ham kim bilsin", - deya yakunladi huquqshunos o`z tahlilini.





