Qadimdan quyosh tutilishi bilan bog`liq turli afsonalar yuradi. Shomonlar shu kuni yovuz ruhlar ozodlikka chiqadi, degan so`zga ishonishgan bo`lsa, Evropa xalqlari orasida quyosh tutilishini tomosha qilish baxtsizlikka olib kelishi mumkin, degan tushuncha bo`lgan. Aslida esa koinot o`z sinoatini namoyon etuvchi ushbu kunga qiziqqan, hatto uning qachon sodir bo`lishini tahminan xom-cho`t qilish bilan shug`ullanganlar talaygina.
Astronomlar 2016 yilda naq ikki marta quyosh tutilishi sodir bo`lishini aytishmoqda. Nega ikki marta va bu qachon bo`ladi degan savollarga esa quyida javob topishga urinib ko`ramiz.
2016 yildagi birinchi quyosh tutilishi hisob-kitoblarga ko`ra 9 mart sanasiga to`g`ri kelmoqda. Bu 130 – sarosning 52-to`liq quyosh tutilishi bo`ladi. Saros so`zi bilan tanish bo`lmaganlar uchun uning qisqa ma`nosini aytib o`tsak: saros bu teng miqdordagi 18,3 taqvim yili bo`lib, uning tugallanishi quyosh yoki oy tutilishi bilan ifodalanadi. Bitta saros o`rtacha hisobda 41 ta quyosh tutilishini o`z ichiga oladi. Shulardan tahminan o`nga yaqini to`liq quyosh tutilishi bilan sodir bo`ladi. Mazkur sarosdagi avvalgi quyosh tutilishi.1998 yil 26 fevralda yuz bergan. 2016 yildan keyingisi esa 2034 yil 20 martga to`g`ri keladi. Mart oyida kutilayotgan quyosh tutilishini Janubi-Sharqiy Osiyo, Indoneziya, Filippin orollari hamda Avstraliya qitasida kuzatish mumkin. Bu hududlarda quyosh tutilishi yaqqol bilinsa, Xitoy, Koreya, Yaponiya, Rossiyaning uzoq sharq o`lkasi va Kamchatkada hodisaning ma`lum qismi namoyon bo`ladi. Alyaska va Aleut quyosh tutilishining yarim fazasiga guvoh bo`lishadi.
Quyosh tutilishning to`liq fazasi 4 daqiqayu 9 soniyani tashkil qiladi. Olimlar fikricha ushbu hodisa Karolin orollarida butun shakl-shamoyili bilan kuzatilib, bu hududda yashovchilar to`rt daqiqa davomida vaqtinchalik quyosh nurini yo`qotib qo`yishadi.
Quyosh tutilishining qisman sodir bo`lishi – kechki soat 23:00 ning 19 daqiqasi, 18 soniyasiga to`g`ri keladi.
Fazaning to`liq boshlanishi – soat 00:00 ning 15 daqiqasi, 53 soniyasida yuz beradi.
To`liq fazaning tugallanishi – soat 03:00 ning 38 daqiqasi, 14 soniyasida sodir bo`ladi.
Qisman quyosh tutilishining yakunlanishi esa – soat 04:00 ning 34 daqiqasi, 44 soniyasida amalga oshadi.
Umumiy davomiyligi – 5 soatu 15 daqiqani tashkil qiladi.
Quyosh tutilishining maksimal fazasi koordinatalar bo`yicha shimoliy kengliklarda 10,1 daraja, sharqiy uzunlikda 148,8 darajani tashkil etadi.
Quyosh tutilishida sodir bo`lgan soya 155 kilometrni qamrab oladi.
Ikkinchisi...
Quyosh tutilishining ikkinchi harakati ayni 1 sentyabr kuniga to`g`ri kelishi taxmin qilinmoqda. Bu safargisi martdagidan farq qiladi. Astrologlar tilida aytganda quyosh tutilishi halqa shaklida yuz berishi kutilmoqda. Halqa shaklidagi quyosh tutilishi nomi osmon jismlari mexanikasidan kelib chiqqan. Oy, quyoshni butunlay berkita olmaydi. Buning natijasida esa oy atrofida fotosferaning ingichka halqasi paydo bo`ladi. Ana shu ko`rinish quyosh tutilishining halqasimon shakli degan atamani keltirib chiqargan. Navbatdagi quyosh tutilishi sayyoramizning janubiy qitalarida yaqqol kuzatilib, shimoliy yarim sharni chetlab o`tadi. Madagaskarning shimoliy hududi va Janubiy Afrika qitasida yashovchilar quyosh tutilishining guvohi bo`lishlari mumkin.
Sentyabr oyidagi quyosh tutilishi 6 soatga yaqin davom etadi. Boshlanishi soat 06:13:03 ga to`g`ri kelsa, yakuni soat 12:00:27 da bo`ladi.
Ko`zlarni asrang!
Sayyohlik firmalarining xabar berishicha, sarguzasht ishqibozlari quyosh tutilishini tomosha qilish uchun sayohat dasturlariga qiziqish bildirishayotgan ekan. To`g`ri, quyosh tutilishini tomosha qilishga taqiq yo`q. Ammo ayrim xavfsizlik qoidalarini bilib qo`ygan maqsadga muvofiqdir. Masalan, quyosh tutilishini oddiy ko`zoynaklarda kuzatib bo`lmaydi. Quyosh nuridan himoyalovchi ko`zoynaklar ham keraklicha ko`z soqqasini himoyalamaydi. Buning uchun yoki maxsus qoplamga ega ko`zoynak yoxud rentgen tasviri tushirilgan bir necha qavatli suratlardan foydalanish mumkin. Bordiyu quyosh tutilishini tomosha qilgach, engil bosh aylanishi, ko`z ichining achishishi kuzatilsa shifokorga murojaat eting. Astrologlar maxsus himoya qoplamiga ega bo`lmagan ko`zoynaklarsiz faqat 1 daqiqa quyosh tutilishini kuzatish mumkin deyishadi. Bir daqiqadan so`ng nigohingizni boshqa narsaga qaratib, ko`zga dam berish lozim.
Internet materiallari asosida YuLDUZ tayyorladi





