2016 yilda umumiy qiymati 5 milliard 500 million dollar bo`lgan 164 ta yirik ishlab chiqarish ob`ektida qurilish ishlarini yakuniga etkazish va ularni foydalanishga topshirish ko`zda tutilmoqda.
Bu haqda Prezident Islom Karimovning O`zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigida aytib o`tildi.
Shular qatorida Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasida har birining quvvati 450 megavatt bo`lgan ikkita bug`-gaz turbinasi, Angren issiqlik elektr stansiyasida 150 megavatt quvvatga ega bo`lgan energiya bloki qurilishini nihoyasiga etkazish, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 70 ming tonna mis ishlab chiqaradigan metall eritish korxonasini barpo etish kabi o`ta muhim loyihalar borligini ta`kidlash lozim.
Ayni vaqtda “Jeneral motors – O`zbekiston” aksiyadorlik jamiyatida “T-250” modelidagi engil avtomobillar ishlab chiqarishni o`zlashtirish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida yillik quvvati 80 ming tonna bo`lgan oltingugurt granulalari tayyorlaydigan korxonani barpo etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, zamonaviy traktorlar, yangi rusumdagi mobil telefonlar, planshet kompyuterlari, noutbuklar, televizor va xolodilniklar, kondisionerlar hamda boshqa maishiy elektr texnika buyumlari, keng turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqaradigan quvvatlar ham foydalanishga topshiriladi.





