“Qalampir.uz” nashri o`tgan yillardagi o`g`irlangan qo`shiqlarni tahlil qildi. Unga ko`ra, Bahrom Nazarovning “Pari-pari” , Mavluda Asalxo`jaevaning “Kim sevar?”, Dilshodbek Yunusovning “Zaharcha”, Diyor Mahkamov va Aziza Nizomovaning “Sevgimiz” va Zoirbekning “Do`st” taronalari turli tillardagi qo`shiqlardan o`g`irlangani ta`kidlangan.
“San`atkor o`z mavqeini bir erda ushlab turish uchun nimalar qilmaydi deysiz? O`zbek shou-biznesida o`g`irlab qo`shiq aytish shunchalik urchib ketganidan bir qo`shiqni ikki xonanda birvarakayiga o`g`irlab chiqayotganiga ham guvoh bo`lib turibmiz. Bunga misol tariqasida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sardor Rahimxon va xonandalar Farhod va Shirinni keltirish mumkin. Sardor Rahimxonning “Sanamjon” deb maqtangani o`g`irlangan qo`shiq bo`lib chiqdi. Turk, rus, eron, tojiklarning qo`shiqlari qolib endi navbat fors qo`shiqlarga kelibdi. Farhod va Shirin esa bu qo`shiqni Sardor Rahimxon bilan oldinma-ketin o`g`irlab “Ona tuproq” deb kuylab chiqdi. Vatan haqidagi qo`shiqni ham o`g`irlab kuylashga uyaling!”, — deyiladi xabarda.





