AsosiyShou-biznes

Alisher FAYZ: «Erkakning o`rni oshxonada emas, biroq...»

Yoxud yangi yil dasturxoniga go`shtli taom!

Bugungi qahramonimiz ijod «oshxonasi»da bir-biridan sifatli «taom»lar tayyorlab, «xo`randa»larini xushnud qilishning uddasidan chiqishda ro`yxatning oldi qatorlarida turadi. Biroq ayollarning «ofis»i bo`lgan – oshxonada O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher FAYZ u qadar mahorat egasi emas. Lekin gazetamiz muxlislari Yangi yil dasturxonidan munosib o`rin oladigan ovqat pishirishni qoyillatdi…

— Buvisinikida katta bo`lgan, o`z uyiga mehmonga boradigan Alisher hozir ham hech bir yumushni uddasidan chiqmaydimi?

— To`g`ri, nabiralar orasida buvim uchun eng sevimlisi o`zim edim. Shu bois u kishining qo`lida katta bo`lganman. Buvimning erkatoyi bo`lganim bois tabiiyki hech bir ishga qo`l urdirishmasdi. Ulg`aygach, ham siz aytgandek ayollarga xos uy yumushlariga ko`p ham aralashavermaganman. Do`stlarimiz «o`yin-kulgining ichida yurasizlar, qaerga bormanglar bayram», deb qolishadi. Aytmoqchi bo`lganim, san`at sohasining «non»ini shirin qilib turadigan, muxlislarga notanish bo`lgan o`z «oshxona»si bor. Hamma kasbning o`z mashaqqati bor. «Har erni qilmagin orzu, har erda bor tosh-u tarozi», degan naql bejiz aytilmagan.

— Demak, siz uchun oshxona erkaklar o`ralashadigan joy emas?

— Albatta! Oshxona bu – ayollarning «ofis»i. Onam, rafiqam, hatto qizlarim ham meni xursand qilish uchun nimadir yangiliklar o`ylab topishadi. Agar mabodo o`xshamay qolgan bo`lsa, lom-mim demayman. Chunki ularning niyati meni xursand qilish bo`lganini bilib turaman. Bordi-yu ovqat yoqmasa, indamay chetga surib qo`yaman, darrov tushinishadi.  

— Lekin ayollarga nisbatan erkaklarning qo`li shirin bo`ladi!

— To`g`ri! Ayollarning bayramlarida va tug`ilgan kunda erkak kishining o`zi taom tayyorlab bersa, albatta yaxshi.  

— Faqat maxsus bayramlarda sizni oshxonadan topish mumkin ekanda?

— Yo`q, ularni ovqatlanishga olib boraman (kuladi). Eng qizig`i, to`rtta aka-uka bo`la turib, uy yumushlariga aralashmay qolganimga hayron qolaman.

— Ko`pchilik san`atkorlar oshxonada «ijod» qilishni xush ko`rishadi, chunki jarayonning o`zidan ilhomlanishadi…

— Ochig`i, ovqat tayyorlasam charchab qolaman (kuladi). Lekin did bilan bezatilgan taomni ko`rib, ilhomlanaman va oshpazning kayfiyatini darrov bilib olaman. Xo`randaga ovqatni kim pishirgani emas, qanday tayyorlangani muhim. Shu bois uzUmini eyman-u, bog`ini surishtirmayman.   

— Erkak hamkasblaringiz yig`ilib, choyxonada qo`lbola osh damlab o`tirishadi, lekin siz…

— Bilasizmi, o`zimga nisbatan o`ta talabchanman. Shu bois biror boshlagan ishimni yakuniga etkazmagunimga qadar yaxshi ko`rgan ishlarimdan o`zimni tiyaman. Bu o`zgarmas odatga aylanib qolgan. Choyxonaga borish, sinfdoshlarim bilan ko`rishish ham yaxshi ko`rgan ishlarim qatorida. Yaqinlarim bilan diydorlashgan kunim – o`ylagan rejam amalga oshib, bir pog`ona oldinga odimlagan bo`laman.

— Bilishimcha, qo`rada pishirilgan taomlarni iste`mol qilmaysiz…

— Asli ovqat tanlamayman. Lekin to`g`ri ko`mirga allergiyam bo`lgani bois qo`rada pishirilgan taomlarni eya olmayman. Mehmonga borganimda kaboblarni oldimga qo`yib, «nega emayapsiz? Oling-oling!» deyishadi. Kabobni yaxshi ko`raman, xo`p-xo`p, deyman-u haqiqiy fonogramma o`sha erda bo`ladi-da (miriqib kuladi). Saksovulda pishgan kabob bo`lsa bormi, «jonli ijro» bo`ladi!  

— Shirinliklarni yaxshi ko`rasizmi?

— Avvalgichalikmas. Ochig`i, qomatni saqlash uchun to`g`ri ovqatlanishga jiddiy rioya qilyapman. Bu borada yagona tanqidchim – o`zim! Oila a`zolarim to`lishganim haqida aytib ulgurishmasidan qomatimni o`nglab olaman.

— Faqat onangizning qo`lidan eyishni xush ko`radigan taomingiz bormi?   

— Bolaligimda buvim o`choqda pishirib beradigan taom bo`lardi. Buvimni yo`qotgach, meni qandaydir o`kinch qamrab olgan, avvalgidek erkatoy emasligim seziladi. Bu holat kayfiyatimda aks etgan zaxoti onam buvimning o`sha «shirin ovqat»ini tayyorlab, meni yupatmoqchi bo`ladi.  

— Oilangizda «Nonushta, tushlik, kechki ovqat vaqti dasturxon atrofida hamma bo`lishi shart!» degan qoida o`rnatilishiga biror voqea turtki bo`lganmi?

— Gastrollar, ijod sabab, kun tartibimiz o`zgarib ketadi. Natijada tongda uyga kirib kelganimda farzandlarim bog`cha yoki  maktabga ketayotgan bo`ladi. Ular qaytayotganida esa xalq xizmatlariga ketaman. Bolalarim bilan eshikni tagida ko`rishamiz. Shu sabab oilamda siz ta`kidlagan qoida o`rnatilgan. Gohida juda horgan holda uyga qaytsam, oila a`zolarimning hammalari rozi bo`lishsagina kirib dam olaman. Bordi-yu kichik qizim Shirin norozi bo`lsa ham birga o`tirib ovqatlanaman. Ijodga ketadigan vaqtda sifat ustunlik qilsa, men uchun yaqinlarimga ajratgan onimning ham sifati, ham soni muhim.

— Yangi yil dasturxonida ham xizmatlardan ortib, oila davrasida bo`lishning uddasidan chiqasizmi?

— Albatta! Alohida tayyorgarlik ko`riladi. «Menyu» borasida avvalo onamga murojaat qilamiz. Nazarimda hamma onalar shunday vaqtda erkalik qilishni bilishmaydi. «Sizlarga nima yoqsa shu-da!» degan javobni aytishadi. Yangi yil dasturxoni «menyu»si onam va mening o`rtamda voleybol bo`ladi (kuladi). Bayram dasturxonimizda osh bo`lishi shart! Ukam Xurshidbek damlagan palovni yaxshi ko`raman. Shu ukamning qo`li juda shirin-da! Salatlarni-ku rafiqam boplaydi. To`g`risi, bayram kuni o`zimga erkinlik berib, maza qilib ovqatlanaman. Chunki onam ham «bugun o`zingni chegaralama», deydi-da! Aytmoqchi, oilamizdagi an`analardan yana biri yangi yilni onam, to`rtta aka-uka, kelinlar, farzandlarimiz bitta dasturxon atrofida jamul-jam bo`lib kutamiz.

— Mo``jizalarga ishonasizmi?

— Albatta! Har bir kunimiz - bizga berilgan imkon. Kun bu – umrimizning qisqartirilgan ko`rinishi, deb bilaman. Shu bois men uchun har kuni yangi yil!

— Yangi yil asosan bolalarning bayrami. Shu ma`noda farzandlaringiz ko`nglini qanday olasiz?

— Turli bayram tadbirlariga borishni yaxshi ko`rishadi. Shuning uchun imkon qadar o`zim olib borishga harakat qilaman.

— Hech uyingizga qorbobo bo`lib borganmisiz?

— Aslida har kuni xalq xizmatlaridan uyga qaytganimda mendan dadabobo yasashadi (kuladi). Keyin farzandlarim bilan birga o`ynaymiz. Savolingizga aniqroq javob bersam, odatda qorbobo chaqirtiramiz. Bilasizmi, farzandlarim katta bo`lganida «dadam qorbobo bo`lib kelardi», deb o`ylagani ma`qulmi yoki «dadam qorbobo olib kelardi», deya esalagani yaxshimikan? Shu savolga hanuz javob topolganimcha yo`q. Shaxsan o`zim ota farzandlari oldida jiddiy qiyofasini yo`qotmasligi kerak, degan fikrdaman.   

— Muxlislaringiz va gazetxonlarimizning yangi yil dasturxoniga hissa qo`shish maqsadida qozon-kabob tayyorlab bermoqchi ekansiz. Nega aynan shu taom?

— Tayyorlanishi oson-da. Mendek «oshpaz» uchun qozon kabob pishirish san`at asari yaratishdek gap. Demak, ishga kirishamiz.

8 kishilik qozon kabob uchun ketadigan masalliqlar:

  • 2 kg. qo`y go`shti (koreyka)
  • 2 kg. kartoshka
  • 300 gr. dumba
  • Tabga ko`ra tuz, zira
  • 1 piyola suv

Tayyorlanishi:

— Go`sht va kartoshka tuzlab qo`yiladi. Ma`lum muddat turishi shart emas. Dumbani yog`i tayyor bo`lguniga qadar go`sht va kartoshka tuz tortishga ulguradi. Dumbani to`rtburchak shaklda kesib olib, qozonga solamiz. Jizzasini olib, yog`iga ikkiga bo`lingan kartoshkani solib, tillarang bo`lgunicha qoviramiz. So`ng alohida idishga olib qo`yamiz. Go`shtni ham tillarang holga kelgunicha qoviriladi. Tayyor bo`lgach, go`shtni chiroyli qilib taxlab, ustiga zira sepiladi. Va ustiga kartoshka teriladi. Nihoyat masalliqqa bir piyola suv quyib, dimlab qo`yiladi. Taomimiz 30-45 daqiqada tayyor bo`ladi.

Mening sirim:

  • Qozon kabob uchun aslida kichkina kartoshka ishlatish maqsadga muvofiq. Taomning ko`rinishi chiroyli chiqadi. Eng muhimi, butunligicha qovurilganida vitamini o`zida saqlanadi.
  • Odatda go`shtni tuz va ziralab qo`yishadi. Bu noto`g`ri, chunki zira qovirish jarayonida kuyib, taomning mazasini o`zgartiradi. Shu sabab zirani dimlayotgan vaqtdagina solib kerak.
  • Go`shtni ko`p qovirib yuborsangiz, qotishi va taomni qorayib ketishiga sabab bo`ladi. Shu bois tillarang bo`lguniga qadar qovirgan yaxshi.

Bezatish uchun kerakli masalliqlar:

  • 2 ta bodring
  • 2 ta pomidor
  • 1 ta piyoz
  • Bir bog` ko`k piyoz, ukrop, kashnich

— Bodringni ko`ndalangiga ikkiga bo`lib, parrak sifat qilib bir cheti kesib chiqiladi. So`ng ora-oralab buklanadi. Rasmda ko`rganingizdagidek yaproq hosil bo`ladi.

Pomidor ham o`rtasidan ikkiga bo`linadi. Parrak qilib kesib, uni atirgul shaklida o`raladi. Piyoz esa xalqa shaklida to`g`raladi va ustiga shirin qizil qalampir va murch sepiladi.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

 

    Boshqa yangiliklar