Rejissyor Nozim To`laxo`jaev “Mening yurtim” telekanali buyurtmasiga asosan “Avtotest” nomli yangi serialni suratga olgani haqida xabar bergandik.
Ssenariy muallifi Ilmira Hasanova. Mazkur serialning 1 - fasli 20 qismdan iborat bo`lib, eng oxirgi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yangi avtomaktab hududida suratga olindi. Serialda haydovchilik guvohnomasini shunchaki sotib olish emas, astoydil o`qib, o`rganib olish kerakligi, qolaversa, avtohalokatlarni sodir etib, yo`l qoidalarni atay buzuvchi shaxslar va ular duch keladigan xavfli vaziyatlar to`laqonli ochib berilgan.
Sitkom janridagi mazkur serial voqealari hayotiy kuzatishlar asosida suratga olinib, undagi qahramonlar sevgi va rashk azoblarini ham boshidan kechiradi.
Serial bosh qahramonlari avtomaktabning besh nafar o`quvchilari bo`lib, rollarni Adiz Rajabov, Nigina Anorboeva, Rajab Adashev, Farhod Abdullaev hamda Zuhra Solieva ijro etgan. Serialni yanvar oyida e`tiboringizga havola etish rejalashtirilgan.





