AsosiyJamiyat

"O`zbekiston temir yo`llari" 11 dona yangi elektrovozlarni xarid qildi

 “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati Xitoyda ishlab chiqarilgan o`n bir dona “O'z-ELR” elektrovozini xarid qildi. Bu haqda “Uz24.uz” xabar bermoqda.

“Yangi elektrovozlar og`ir yuklarni tog` sharoitida tashishga moslashtirilgan bo`lib, shu turdagi boshqa lokomotivlarga nisbatan bir qator afzalliklarga ega”, – deydi “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig`i Nusratillo Abdullaev.

“Jumladan, zamonaviy tormozlanish tizimlari va kompleks xavfsizlik qurilmalari o`rnatilgani bois elektr energiyasi sarfi 5-8 foizga kamayadi. Ekologik xavfsizlik bo`yicha xalqaro talablarga javob beradigan lokomotiv «Toshiba» (Yaponiya) kompaniyasida ishlab chiqarilgan ekologik toza asinxron elektr dvigatellari, nosozliklarni tahlil qiladigan mikroprosessor tizimi bilan jihozlangan. Sarflanadigan materiallar resursi zamonaviy materiallar qo`llanishi hisobidan 15 foizga ko`paygan, elektrovozning havo rezervuari har qanday iqlim sharoitida undan ishonchli foydalanishga xizmat qiladi”. 

Elektrovozning quvvati 7200 kVtga teng bo`lib, konstruksion tezligi soatiga 120 kilometrni tashkil etadi. Yangi lokomotivlarda qo`llanilgan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash barobarida teplovozlarda ishlatilayotgan yonilg`i sarfi 2-2,5 marta kamayishiga olib keladi. 

Xabarda aytilishicha, yangi “O'z-ELR” elektrovozlar yuk tashish hajmini yanada ko`paytirish imkonini beradi. 

    Boshqa yangiliklar