Kecha 23 dekabr kuni soat chamasi 20:30 larda Toshkent shahri “Bunyodkor” ko`chasida yana bir yirik yo`l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog`i foydalanuvchilari xabar berdi.
Unga ko`ra oq rangdagi neksiya haydovchisi soatiga 85-90 kilometr tezlikda kelib ikki piyoda qizlarni urib yuborgan. Ma`lumotlarga ko`ra, qizlarning biri sariq, ikkinchisi kulrang kurtkada bo`lgan.
Yuqori tezlikda kelayotgan avtomobil qizlardan birini urib, uloqtirib yuborgan. Ma`lumotda aytilishicha, qizning ahvoli o`ta og`ir bo`lgan, uni darhol shifoxonaga olib ketishgan. Ikkinchi qizni esa avtomobil 15-18 metrgacha kapot ustida sudrab borgan. U jiddiy jarohat olmagan, qo`rqib ketganligi bois shok holatida bo`lgan.
Guvohlarning so`zlariga ko`ra, neksiya haydovchisi ariqqa tiqilib qolmaguncha, avtomobilni to`xtatmagan. Qizlar yaqin atrofda piyodalar o`tish joyi bo`la turib, yo`lning qatnov qismida harakatlangani aytilmoqda.
Eslatib o`tamiz, bu Toshkent shahrida bir kechada ro`y bergan ikkinchi yirik yo`l-transport hodisasi. Bundan oldin Toshkent shahri Sergeli tumanida Gentra avtomobili to`qnashuv oqibatida yonib ketgani haqida xabar bergan edik.





