Anonymous xalqaro xakerlar guruhi Turkiyani DAIShni qo`llab-quvvatlaganlikda aybladi va Anqaraga qarshi kiber urush e`lon qildi, deb xabar beradi “Lenta.ru”.
Anonymous guruhi so`nggi hafta ichida 40 taga yaqin turk tilidagi sayt ishiga putur etkazganligi aytilmoqda.
“Turkiya DAIShni qo`llab quvvatlamoqda, undan neft sotib olib, terrorchilik tashkiloti jangarilariga tibbiy xizmat ko`rsatmoqda”, — deydi Anonymous vakili internetga joylashtirilgan videorolikda.
U Turkiya Prezidenti Toyib Erdo`g`onning DAIShni qo`llab-quvvatlashini nomaqul ish ekanligini ta`kidlab o`tgan.
Terrorchilik tashkiloti qo`llab-quvvatlanishi davom etgudek bo`lsa, xakerlar guruhi turk tilidagi barcha saytlar, jumladan hukumat va bank saytlarini ishdan chiqarishni rejalashtirgan.
“Turkiya, terrorchilik tashkilotini moliyalashtirish harakatini to`xtat, taqdiring o`z qo`lingda”, — deydi Anonymous vakili.
Anonymous xalqaro xakerlar guruhiga 2003 yilda asos solingan. Uning liderlari va boshqaruv organlari mavjud emas. Xakerlar butun dunyo bo`yicha norozilik namoyishi sifatida internet saytlariga kiber hujum uyushtiradi. Ularning hujumidan aksariyat hollarda davlat organlari saytlari zarar ko`radi.





