AQShning Pensilvaniya shtatida yashovchi 19 yoshli Jalil ibn Amir Aziz ismli shaxs Twitter ijtimoiy tarmog`i orqali DAISh terrorchilik tashkilotini targ`ib qilganligi uchun hibsga olindi, deb xabar beradi “Lenta.ru” shtat prokurori ma`lumotlariga tayanib.
Hibsga olingan shaxs terrorchilik tashkilotini moliyaviy qo`llab-quvvatlaganlikda ayblanmoqda. Ma`lumotlarga ko`ra, Amir Aziz 20 yilga ozodlikdan mahrum etilishi va 250 ming dollargacha jarima to`lashi mumkin.
“Aziz internet orqali DAIShni qo`llab-quvvatlovchilarning sonini ko`paytirish, AQShga va uning fuqarolariga qarshi zo`ravonlikni targ`ib etish maqsadida Twitter`da 57 taga yaqin sahifa ochgan “,— deyiladi xabarda.
Xususan, u o`z folloverlariga yuzlab harbiy xizmatchilarning uy manzillarini berib, ulardan o`ch olishga chorlagan. Bundan tashqari, Aziz DAISh nazorati ostida bo`lgan hududlarga chiqmoqchi bo`lgan fuqarolarga ham yordam bergan.
Azizning uyini tintuv qilish jarayonida to`rtta avtomat o`qdoni, qaytadan yasalgan oshxona pichog`i, qattiq kompyuter diski va dori-darmonlar topilgan. Mazkur holat yuzasidan tekshirish ishlari FQBning Pentagon vakillarini o`z ichiga olgan terrorizmga qarshi kurash markazi tomonidan olib borilmoqda.





