Checheniston rahbari Ramzan Qodirov yo`l harakati qoidasini buzganligi uchun jarimaga tortildi.
Uning va oila a`zolarining harakat paytida xavfsizlik kamarlarini taqmaganliklari qoidabuzarlikka olib kelgan. Jarimaga esa Ramzan Qodirov o`zining Instagram’dagi sahifasiga avtomobilda suratga olingan rolikni joylashtirilgandan so`ng tortilgan.
«Videoda kimdir menda xavfsizlik kamari taqilmaganini payqagan. Bu esa ChR IIV YHXBB boshlig`i Shamxan Denilxonovning qulog`iga etib borgan. Polkovnik esa darhol chora ko`rishga kirishgan. Protokol tuzib, jarima undirishdi», — deb yozadi Qodirov xabardagi sharhlarga javoban. Checheniston rahbari jarimani bugun, 21 dekabr kuni to`lashga va`da bergan.
Qodirov yo`l harakati qoidalariga doimiy ravishda amal qilishi va bu uning uchun juda katta ahamiyat kasb etishini yozib qoldirdi.
«Men doim svetoforlarda to`xtayman, barcha yo`l belgilariga amal qilaman. Endi esa bu ishga yanada e`tiborliroq bo`laman va hammani shunga chaqiraman!» — deb yozadi u.
Oktyabr ohirida Checheniston rahbari respublikadagi yo`llarda avariya holatlari kamayganini ma`lum qilgandi. Avgust oyining o`rtasida esa u Yo`l qoidalarini buzgan barcha, hatto uning yaqinlari ham javobgarlikka tortilishi shart ekanligini ma`lum qilgandi. Rulda va piyodalar yo`lakchasida hamma birday javobgar, deydi u.





