AsosiyShou-biznes

Nigora: "Kuyov navkarlar kelmaguncha o`zimni huddi “s`yomka”da o`tirgandek his qildim" (Yosh oila xonadonidan FOTOREPORTAJ)

So`nggi yillarda o`zbek shou biznesida san`atkorlar oilasi ko`payib borayotgani juda quvonarli. 2015 yilning 21 noyabr kuni ular safi yana bittaga ko`paydi. Ya`ni, Oybek va Nigora 10 yillik ijodiy hamkorlikdan so`ng turmush qurishga qaror qilishdi. Biz ham ularni tabriklagan holda, yosh oila xonadoniga mehmonga borib, kelinchakning qo`lidan choy ichib ularni suhbatga chorladik.

— To`y charchoqlari chiqdimi?

Oybek: — Ishonsangiz, to`yimiz bo`lganiga hali ham ishongimiz kelmaydi, xuddi tush ko`rayotgandekmiz (kuladi).

Nigora: — To`y kuni kuyov navkarlar kelmaguncha xuddi klip yo film “s`yomka”sida o`tirgandek his qildim o`zimni. Karnay- surnay sadosi boshlanib, kuyov kirib kelgach hayajon boshlandi.

— To`y kuni ikkingiz ham ikki xil libos kiydingiz. Bu kimning g`oyasi edi?

Nigora: — To`y inson hayotining eng baxtli onlari. Shuning uchun bu kunda har bir qiz o`zi orzu qilgandek malikaga aylanishni istaydi. Ikki xil ko`ylak kiyganimning sababi, ikkovi ham menga yoqdi. Avvaliga etagi uzun ko`ylak tanlagandim. Ammo mutaxassislar bunday bichimdagi ko`ylak to`yda biroz noqulaylik tug`diradi, deyishdi. Shundan so`ng, fotosessiyada uzun etakli, to`yda esa etagi keng ko`ylak kiyishni ma`qul ko`rdim. Oybek ham menga havas qilib ikki xil kostyum kiyishni istadi (kuladi).

— Nigora dadangiz bilan “vals”ga tushishingizni ko`pchilik kutmagan edi...

— Bugungi kunda qizning dadasi to`yning boshida bir-ikki soat mehmon bo`lib ketishi urf bo`lgan. Biz ham avvaliga shunday yo`l tutmoqchi edik. Ammo qaynotam “Quda, farzandlarimizning baxtli kunida siz ham to`y oxirigacha mehmonimiz bo`ling” deya taklif qildilar. Raqsga kelsak... Dadam aslida juda rashkchi inson. Ayniqsa, meni hammadan kenja qiz bo`lganim uchun qizg`anadilar. Turmush o`rtog`im bilan raqsga tushayotganimni ko`rib biroz qizg`andilar shekilli, raqsga tushishga taklif qildilar. To`ydan avval bu raqsni rejalashtirmagan edik.

— Kelinlik mas`uliyati nimada ekan?

— Doim hushyor bo`lish kerak. To`g`risini aytsam, haligacha kun tartibim o`zgarganiga moslasholmayapman. Ilgari ish kunimiz tushdan keyin boshlanardi. Hozir esa hammasi o`zgargan, sahar turish  kerak. Qiyin ekan (kuladi).

— Kelinlik vazifalarini qoyillatyapsizmi?

— Xizmatdan sira qochmayman. Ko`cha supurish, qaynona-qaynotaga xizmat qilish, barchasi kelinga xos go`zal odatimiz-ku! Faqat tartibga tushvolishim uchun vaqt kerak shekilli.

— Alohida yashaysizlar, shundaymi?

Oybek: — Alohida desak, noto`g`ri bo`ladi. Chunki ota-onam istagan paytda biz bilan yashashlari mumkin. Birga katta oila bo`lib yashash tarafdorimiz.

— To`ydan avval ham, keyin ham sizlar haqingizda turli mish- mishlar ko`paydi. Tanqidlarga kimning “immuniteti” kuchliroq?

Oybek: — Bu masalada men kuchliman. Odamlarning turli gap- so`zlariga ahamiyat bermayman. Nigora esa ancha ta`sirchan. Internetda birov noo`rin gap yozsa, jahli chiqib javob qaytarishga shoshadi. Bunday narsalarga e`tiborsizroq bo`lishni o`rgatyapman unga. Natijasi yomon emas.

— To`ydan bir hafta o`tar-o`tmas, ishni boshlab yuboribsizlar...

Oybek — Yaxshi niyatlar bilan to`y va tadbirlarga oldindan taklif qilganlar ko`p. Bizni hurmat qilib chaqirishgan ekan, rad etishimiz noto`g`ri.

Nigora: — Qolaversa, bayram oldi tadbirlar ko`p. Lekin faqat shoshilinch va zarurlariga boryapmiz.

— Oilangizda qanday odatlar an`ana bo`lishini istaysiz?

Oybek: — Niyatimiz har bir bayram va yaxshi kunlarimizni ko`pchilik bo`lib, oila davrasida nishonlash. Ba`zida band bo`lishimiz mumkin, lekin shunda ham bu odatning an`ana bo`lib qolishini  istaymiz.

ALIYa suhbatlashdi

Fotomuxbir: Husan Qosimov

    Boshqa yangiliklar