“Uyda yolg`iz” filmida bosh rolni ijro etgan aktyor Makoley Kalkin qahramoni Kevin Makkalisterning ulg`aygan obrazini yaratdi, deb xabar beradi “Lenta.ru”.
Ma`lumotlarga ko`ra, u “Haydovchilar” serialining birinchi qismi epizodida paydo bo`ladi.
35 yoshli Kalkin avtomobilni boshqarish layoqatiga ega bo`lmagan haydovchi obrazini gavdalantiradi. Ssenariyga ko`ra, yo`lovchi haydovchi o`rniga rulga o`tiradi, haydovchi esa unga bolaligi haqida so`zlab beradi.
Haydovchi o`z ismini oshkor qilmaydi, biroq u kichkinaligida ruhiy travma olganini aytadi. U sakkiz yoshligida ota-onasi uyda uni unutib qoldirgani va bir hafta uyda yolg`iz yashagani haqida gapirib beradi.
“Men uyimni va o`zimni ikki o`g`ridan himoya qilishga majbur bo`lganman. U payti juda kichkina edim. Men hozirgacha orqamdan kal odam kuzatib yurgani haqidagi qo`rqinchli tushlar ko`raman”, — deydi haydovchi.
Avtomobilni qurollangan shaxs to`xtatganida esa haydovchining hikoyasi bo`linib qoladi. Shunda bezoridan qutulish uchun haydovchi yoshligidagi usullardan foydalanadi.
“Uyda yolg`iz” filmining birinchi qismi 1990 yilda ekran yuzini ko`rgan. Etti oy ichida kartina namoyishidan tushgan mablag` 476,6 million dollarni tashkil etgan.
Filmning Makoley Kalkin ishtirokidagi ikkinchi qismi 1992 yilda namoyish etilgan. “Uyda yolg`iz”ning uchinchi va to`rtinchi qismlarida esa aktyor ishtirok etmagan.





