Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, joriy yilning 11 oyi mobaynida mazkur yo`nalishda 54 bojxona qoidabuzarligi aniqlanib, qiymati 17,1 million so`mlik 156 ming donadan ziyod pirotexnika vositasining noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “G`ishtko`prik” chegara-bojxona kompleksi orqali mamlakatimizga kirib kelayotgan yangiyo`llik E.Namozovaning harakatlari bojxonachilarda shubha uyg`otdi. Xolislar ishtirokida ko`rikdan o`tkazilganda, ayol kurtkasiga salkam 360 dona pirotexnika vositasini yashirib olgani ma`lum bo`ldi.
Mazkur kompleks xodimlari tomonidan andijonlik M.Ma`murovaning qing`ir qilmishlari ham fosh etildi. Uning qo`l yuklari bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, yarim kilogramm pirotexnika vositasi borligi aniqlandi.
Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Farg`ona tumanining qo`shni davlatga chegaradosh hududida B.Salomov boshqaruvidagi “Tiko” rusumli avtomashina tekshirilganda, 957 quti pirotexnika vositasi noqonuniy ravishda mamlakatimiz hududiga olib kirilayotgani aniqlandi. Surishtiruv paytida 57 kilogramm og`irlikdagi pirotexnika vositasi shahrixonlik D.Norbekovaga tegishli ekani ma`lum bo`ldi.
Ushbu hududda yana bir farg`onalik H.Yusupovning ham qing`ir ishiga chek qo`yildi. Uning boshqaruvidagi avtomashina ko`zdan kechirilganda, 2,5 ming donadan ortiq quti pirotexnika vositalari olib kirilayotgani aniqlandi. Hozir ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom etmoqda.





