Meksikaning Mexiko shahrida taekvondo (WTF) bo`yicha Gran-pri turnirining hal qiluvchi final musobaqasi bo`lib o`tdi. Unda dunyoning etakchi taekvondochilari 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlari yo`llanmalari uchun kurash olib bordi.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasidan ma`lum qilinishicha, ushbu musobaqa 2015 yilda o`tkazilgan Gran-pri turnirlarining yakuniy bosqichi bo`lib, unda o`z vazn toifasida oltin medalga sazovor bo`lgan sportchiga 80 reyting ochkosi berildi. Bu sportchilarga reyting jadvalidagi mavqeini yanada yaxshilash va har bir vaznda Olimpiada yo`llanmasi beriladigan kuchli oltilikka kirishi uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Nufuzli turnirda terma jamoamiz a`zolaridan jahon chempioni, Osiyo o`yinlari sovrindori Dmitriy Shokin va jahon chempionati sovrindori, Osiyo o`yinlari g`olibi Jasur Boyqo`ziev vazni 80 kilogrammdan og`ir bo`lgan sportchilar o`rtasidagi bahslarda ishtirok etdi.
Musobaqada Jasur Boyqo`ziev bronza medalni qo`lga kiritib, eng og`ir vazndagi sportchilarning reyting jadvalida Dmitriy Shokindan keyin ikkinchi o`rinni egalladi. Dmitriy esa musobaqada sovrinli o`rin egallamagan bo`lsa-da, reytingdagi peshqadamligini saqlab qoldi.
Qoidaga ko`ra, har bir vazn toifasida bir davlatdan faqatgina bir sportchi Olimpiadada qatnashish imkoniga ega bo`ladi. Sportchilarimizning qaysi biri Braziliyaga borishi O`zbekiston taekvondo (WTF) assosiasiyasi tomonidan e`lon qilinadi.





