AsosiyShou-biznes

“JIM TURING, ShOVQINLAMANG”!

“Darakchi” gazetasinig 49-sonida Botir Qodirovning konsert dasturida yuz bergan mashmashalar “Qonun barchaga barobar, Botir Qodirovga ham...” sarlavhasi ostida yoritilganidan xabaringiz bor.

Mazkur maqola chop etilgach, xonanda Botir Qodirov va uning prodyuseri Abror Po`latov tahririyatga tashrif buyurib, yuzaga kelgan anglashilmovchiliklarga oydinlik kiritishdi. Gazeta jurnalistlarining mazkur holat yuzasidan bergan savollariga javob berishdi va prodyuserlarning aybi bilan yuzaga kelgan anglashilmovchiliklar uchun Botir Qodirov uzr so`radi.

(Tahririyatda saqlanayotgan audio yozuvlar buni isbotlaydi.)

Ammo bu bilan mashmashalar to`xtamadi. Gazetada mazkur mavzuga oid ikkinchi maqola nashrga tayyorlanganda prodyuser Abror Po`latov tahririyatga kelib, maqola bilan tanishdi. Bosh muharrir esa prodyuserning talabini bajarib tayyor bo`lgan maqolani unga o`qib chiqish uchun taqdim etgan. Biroq prodyuser Abror Po`latov maqola bilan tanishib chiqish barobarida hali sotuvga chiqmagan tayyor maqola sahifasini suratga tushirib, tahririyatning ruxsatisiz saytlarga tarqatgan. Bu o`rinda Abror Po`latov amaldagi mualliflik huquqi to`g`risidagi qonun talablarini buzgan.

Biz mazkur mashmashalarga — Botir Qodirovning konsertida yuzaga kelgan holatlar bo`yicha OAV sifatida o`z yondashuvimizni bayon etishga  haqlimiz. Shuningdek, mazkur masalani  “Darakchi”ni dastak qilib olib, faqat prodyuser Abror Po`latovning yondashuviga asoslanib, yoritayotgan internet saytlari ham o`z qarichi bilan o`lchashga haqli. Vaholanki, ayni paytda “Darakchi” muxbiri konsertga kiritilmagani uchun (aslida nafaqat “Darakchi” muxbiri, balki boshqa internet saytlari xodimlari ham kiritilmagani haqidagi audio ma`lumot mavjudbu mashmashalar chiqdi, deyayotganlar maqoladagi tanganing ikkinchi tomoni, ya`ni davlat mablag`iga qurilgan, xalq mulki, yurtimiz faxri bo`lgan “Istiqlol” san`at saroyiga zarar etkazilgani (bu haqda ham etarlicha audioyozuvlar bor), bunday qilishga esa hech kimning haqqi yo`qligi haqidagi mulohazalarga ham e`tibor qaratishsa, maqsadga muvofiq bo`lardi.

Prodyuser Abror Po`latov esa internet saytlarida xonanda Botir Qodirov orqali shablon piar maqolalarni chop ettirishdan ko`ra, zimmasidagi majburiyatni to`laqonli bajarganida bu gap-so`zlarga hojat qolmasdi. Xonanda Botir Qodirovga kelsak, u bunaqa qora piarlarga muhtoj emas, bizningcha. O`z ovozi, o`z uslubi, o`z iste`dodiga ega xonanda prodyuserining bu xatti-harakatlarini o`ziga ep ko`rmasligi ham haqiqat.

Yana bir gap: Botir Qodirovning bizga bergan intervyusida aytganidek, “ish bor joyda kamchilik ham bo`ladi”. Ehtimol, mazkur mashmashalar yortilgan intervyuda kamchiliklarga yo`l qo`yilgan bo`lishi mumkin. Kamchilikka yo`l qo`ygan xodimlarga nisbatan tegishli tartibda chora ko`riladi.

Lekin, o`z navbatida  biz ham  Botir Qodirovning prodyuseri Abror Po`latovdan hali chop etilmagan gazeta sahifasini roziligimizsiz tarqatgani uchun izoh talab qilishga haqlimiz.

P.S: Biz bu masalaga o`z munosabatimizni, aytadigan gaplarimizni aytdik. Boshqa bu mavzuga qaytmaymiz! Nuqta.

                                      Tahririyat

    Boshqa yangiliklar