Toshkent aeroportida o`tgan 10 oy mobaynida 38 kilogramm tilla va zargarlik buyumlari musodara qilindi, deb xabar beradi “telegraf.uz”.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari 2015 yilning 10 oyi mobaynida 38,2 kilogramm tilla va zargarlik buyumlarining O`zbekiston hududidan noqonuniy olib kirilishi va olib chiqib ketilishiga barham berishdi. Musodara qilingan zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 1,7 milliard so`mga teng.
Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi fuqaro S.Musajonova Turkiyaning Istanbul shahridan 21 juft tilladan yasalgan zirak va boshqa 127 ta turli zargarlik buyumlarini O`zbekiston hududiga noqonuniy olib kirgan.
Hujjatsiz zargarlik buyumlari ayolning kiyimlari orasiga yashirilgan edi. Undan umumiy og`irligi 509 gramm bo`lgan tilla taqinchoqlar musodara qilingan.
Shuningdek, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi D.Mirzaev ham Seul shahridan 170 gramm og`irlikdagi umumiy qiymati 8,9 million so`mlik tilla taqinchoqlarni O`zbekiston hududiga olib kirishga uringanligi uchun qo`lga olingan.





