Poytaxtimizda “Gimnastika barcha uchun” shiori ostida 10 yoshgacha bo`lgan qizlar va 50 yoshdan katta uy bekalari o`rtasida musobaqa bo`lib o`tdi.
An`anaviy turnir O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Gimnastika federasiyasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur sport turi bo`yicha o`tkazilayotgan musobqalardan ko`zlangan maqsad aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning o`z salomatligi uchun mas`uliyatini oshirishdir.
Mamlakatimizda xalqaro standartlar darajasida jihozlangan sport markaz va seksiyalari, komplekslari faoliyat ko`rsatmoqda. Ayniqsa, qizlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishiga doimiy e`tibor qaratilmoqda. Zero, sog`lom millat genofondi avvalo, bo`lajak onalar ― qizlar salomatligiga bog`liq. Ayni paytda o`quvchilarning sport turlari bilan faol shug`ullanishi tufayli virusli infeksiyalar bilan kasallanish darajasi 28,7, pnevmoniya kasalligi 35,2, bronxit 28,2 va skolioz xastaligiga chalinish 25,3 foiz kamaydi.
Musobaqada Toshkent shahri va viloyatining 29 jamoasidan 348 kishi qatnashdi. Shuni qayd etish kerakki, ishtirokchilar professional sportchilar bo`lmagani bois ular uchun yosh chegarasi mavjud emas.





