Milliy matbuot markazida «O`zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining joriy yildagi faoliyatiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Ayni paytda «O`zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati korxonalarida turli mineral o`g`itlar, sun`iy tola, polimer materiallar, noorganik moddalar, energetika, oltin qazib olish va engil sanoat uchun rezina-texnika buyumlari, kimyoviy reagentlar, defoliantlar ishlab chiqarilmoqda. O`nlab turdagi bunday mahsulotlar ichki bozordan tashqari xorijga eksport qilinmoqda.
Tarmoqda so`nggi 5 yilda 20 dan ziyod investisiya loyihasi amalga oshirilib, o`ttizdan ortiq mahsulot turlari o`zlashtirildi. 2014 yilda «Navoiyazot», «Farg`onaazot», «Maksam-Chirchiq» aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan o`n turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.
«O`zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimida shu yilning o`n oyida 1 trillion 797 milliard so`mlikdan ziyod tovar, 161 milliard 400 million so`mlik xalq iste`mol mollari ishlab chiqarildi. 1 million tonnadan ortiq azotli, fosforli va kaliyli o`g`itlar tayyorlandi. Investisiya dasturiga kiritilgan loyihalar doirasida tarmoq korxonalarida 121,7 million dollarlik sarmoya o`zlashtirildi.
O`tgan davrda hududiy «Qishloqxo`jalikkimyo» aksiyadorlik jamiyatlaridagi texnikalar yordamida qishloq xo`jaligi korxonalariga 456 ming tonna kompost, 387,7 ming tonna organik va 525,3 ming tonna mineral o`g`itlar etkazib berildi.





