27 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Deputatlar mamlakatimiz Konstitusiyasida Qonunchilik palatasiga berilgan vakolatlarga muvofiq Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2015 yil 9 oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotini batafsil ko`rib chiqdilar.
Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo`yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotining o`sishi 8,0 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 7,3 foizga oshdi. Inflyasiya darajasi prognoz ko`rsatkichlaridan oshmadi. Bunda makroiqtisodiy barqarorlik yanada mustahkamlanib, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatildi.
Chuqur o`ylangan, puxta pul-kredit va soliq-byudjet siyosatining amalga oshirilganligi Davlat byudjeti daromad qismining prognoz ko`rsatkichlariga nisbatan 100,2 foizga ijro etilishini ta`minladi, bu YaIMga nisbatan 22,4 foizni tashkil etdi. Davlat byudjetining xarajatlari YaIMga nisbatan 22,3 foizni tashkil etib, bu O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini YaIMga nisbatan 0,1 foiz profisit bilan ijro etish imkonini berdi.