Poytaxtimizda O`zbekiston Respublikasi bank tizimining hozirgi holati, tendensiyalar, yangi chaqiruvlar va echimlar mavzusida IV Toshkent xalqaro bank forumi boshlandi.
“SAIRRO” axborot-reyting agentligi va O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamkorligida tashkil etilgan anjumanda tijorat banklari vakillari, o`ndan ziyod mamlakatdan banklar, auditorlik va moliya tashkilotlari, xalqaro reyting agentliklari ekspertlari ishtirok etmoqda.
Forumda kichik biznes va huquqiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashda banklarning o`rni, banklarning kapitallashuvi va likvidligini oshirish, moliyaviy barqarorligini mustahkamlash hamda xalqaro me`yor va andozalarga muvofiq yanada rivojlantirish kabi mavzularda ma`ruzalar tinglandi. Bank-moliya sektori vakillariga muzokaralar o`tkazish, hamkorlikni kengaytirish imkonini beruvchi biznes uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Fitch Ratings reyting agentligi va Grant Thornton auditorlik kompaniyasi o`tkazgan davra suhbatlari shular sirasidandir.
Joriy yilda Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Doing business 2015” reytingida O`zbekiston 189 mamlakat orasida 87-o`rinni, tijorat banklarining kredit ajratish qulayligi bandi bo`yicha 42-o`rinni egallagani buning tasdig`idir. Bu xorijiy investorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo`lgan ishonchini yanada oshishida va investisiya oqimining ko`payishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.





