Darakchi.uz sayti endi har bir san`atkorning konsert dasturlari va klip olish jarayonidan fotoreportajlar tayyorlab, siz aziz muxlislar hukmiga havola qilib borishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ydi.
Ishni muxlislar ko`nglidan “Ko`ylaklari bilan cho`milgan qizlar”, “Lolaqizg`aldoq”, “Gulijon”, “Yig`lamang” kabi qator qo`shiqlari bilan joy olgan xonanda Shuhrat Daryoning konsert dasturiga tayyorgarlik jarayonini yoritishdan boshladik.
Konsert dasturi “Baxt kulib” deb nomlangan bo`lib, u “Turkiston” san`at saroyida 12-13 dekabr kunlari bo`lib o`tadi.
Biz tayyorgarlik jarayonining ayni kulminasion nuqtasida kirib bordik. Dasturning 100 foiz jonli ijroda o`tishi faqatgina xonandaning o`ziga bog`liq emas, bu jarayonda sozandalar ham huddi san`atkordek mas`uliyatda ekanliklari tayyorgarlik jarayonida sezilib turdi.
Hammadan ham Shuhrat Daryoning kayfiyati a`lodek nazarimizda.

Bir qo`shiqqa qayta-qayta qaytilib, tayyorgarlik ko`rishning o`zi bo`lmas ekan. Bir necha daqiqa ichida besh bor “Lolaqizg`aldoq” qo`shig`ining boshlanish qismiga qaytildi. Ishga mas`uliyat kayfiyatni tushirmayapti, aksincha yanada kuch beryapti.
Dasturdan etti yoshdan etmish yoshgacha barcha muxlislar qo`shilib aytadigan retro qo`shiqlar ham o`rin olgan.
Shu o`rinda konsert dasturi haqida qisqacha.
Dastur uch blokdan iborat bo`lib, unda jami 24 ta qo`shiq kuylanadi. “Sabo” raqs ansambli o`zining ajoyib raqslari bilan dasturga yanada fayz ulashish uchun shay turishibdi. Dasturda qiziqchilar yoki boshlovchilar bo`lmaydi. Dastur mehmoni esa O`zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bo`ladi. Chipta narxlari 15 mingdan 55 ming so`mgacha qilib belgilangan.
Sozandalar bilan tanishing

Skripka cholg`usida Mansur Ahmedov, Buzukida Ma`mur Zilolov, Bas gitarada Surat Qosimov, Gitarada Komron Xolmatov hamda Sardor Abdusalomov, Perkussiyada Shuhrat Turdiev, Udarnikda Halim Jo`raevlar bo`lishadi.

Bugungi kunda san`atkorlarimiz orasida jonli konsert dasturi beraman deya belni mahkam bog`layotganlar safi kengayotgani quvonarli holdir. Shuhrat Daryodan nima sababdan dasturni “Istiqlol” san`at saroyida bermadinggiz degan savolimizga “Hali hammasiga ulguramiz. Bu aslida katta bir tayyorgarlik, bu tayyorgarlikdan so`ng albatta, “Istiqlol” san`at saroyida ham konsert dasturimizni taqdim etishni oldimizga maqsad qilganmiz” — deb javob berdi.

Konsert boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi Shuhrat Daryo hamda sozandalarga konsert dasturi fayzli o`tishini tilab qolamiz.





