Poytaxtimizda “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida o`tkazilgan Yoshlar haftaligi yakunlandi.
Haftalik doirasida san`at va madaniyat namoyandalari, ilm-fan arboblari, kino va moda yo`nalishida ijod qilayotgan xorijiy ekspertlar ishtirok etgan 7 yo`nalishdagi 10 dan ortiq tadbir ertamiz egalariga bir umr esda qolarli taassurotlarni tuhfa etdi.
Turli ko`rgazmalar, festivallar, interfaol mahorat darslarida yoshlar kino, moda va dizayn, teatr, turizm, ekologiya kabi sohalarni yanada rivojlantirishga doir bilim va salohiyatini namoyon qildi. “Quvnoqlar va zukkolar”, “Tafakkur sinovlari” ko`rik-tanlovlari ishtirokchilarni qizg`in bahs-munozaralarga chorladi. “XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostidagi ilmiy-amaliy anjuman yosh avlodning ma`rifiy-madaniy saviyasini oshirish, o`z sohasi bo`yicha tajriba to`plash imkonini yaratdi, deya xabar beradi O`zA.
Yoshlar ijod saroyida haftalik yakuniga bag`ishlab o`tkazilgan tadbir doirasida yoshlarning Vatanimizga bo`lgan qaynoq mehr-muhabbati, ertangi kunga bo`lgan ishonchi, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish bilan bog`liq g`oyalari tasvirlangan foto, tasviriy san`at, haykaltaroshlik asarlari, milliy hunarmandlik buyumlari, pazandalik namunalaridan iborat ko`rgazma tashkil etildi.





