Ayni shu sarlavha ostida siz suratda ko`rib turganingiz kabi karikatura bilan Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumani, Girdiqo`rg`on QFY, Cho`yanchi MFY, Cho`yanchi qishlog`ida yashovchi bir guruh fuqarolar nomidan E.Yusupov qishloq hududidan oqib o`tuvchi Oqdaryo daryosi ustida qurilgan ko`prik bir necha yildan buyon avariya holatida ekanligi, ushbu ko`prikni ta`mirlashga amaliy yordam berish haqida tahririyatga murojaat qilgan. Ushbu murojaatdagi holat yuzasidan fuqarolar mahalliy davlat boshqaruvi organlariga ham murojaat qilgani, ammo bu muammo yuzasidan jo`yali echim bo`lmayotganini ham qayd etishgan. Ana shu bois biz ushbu murojaatni prokuratura bilan hamkorlikda o`rganishga harakat qildik.
Samarqand viloyat prokurori birinchi o`rinbosari O.Azimov imzosi bilan olingan javob esa quyidagicha:
—Mazkur ariza Samarqand viloyat hokimligi tomonidan joyiga borib o`rganilgan.
Arizada ko`rsatilgan ko`prik 1973 yilda Kattaqo`rg`on tumani, sobiq Paxtakor jamoa xo`jaligi tomonidan qishloq xo`jaligi ekin maydonlarini o`zlashtirish maqsadida qurilgan. Ushbu ko`prik maxsus loyiha asosida qurilmaganligi va foydalanish muddatini deyarli o`tib bo`lganligi sababli, 2013 yilda yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
Mutaxassislar jalb qilinib ko`prikni ta`mirlash uchun ketadigan capf-xarajatlar o`rganilganda, taxminan 1 mlrd. 500 mln. so`m mablag` zarurligi aniqlangan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan ariza muallifi E.Yusupov bilan suhbatlashildi va unga arizasida ko`rsatilgan yaroqsiz ko`prikni ta`mirlash uchun Kattaqo`rg`on tuman hokimligi tomonidan loyiha smeta hujjatlari tayyorlangandan so`ng, mahalliy byudjetdan mablag` ajratilishi masalasi ko`rib chiqilishi, shundan so`ng qurilish va ta`mirlash ishlari boshlanishi tartibi tushuntirildi.
Shuningdek, taqdim etilgan ma`lumotda arizada ko`rsatilgan ko`prik ta`mirlangunga qadar hududda mavjud umumiy foydalaniladigan avtomobil yo`li, piyodalar o`tish uchun mo`ljallangan ko`prikdan foydalanib turish mumkinligi qayd etilgan.
*Izoh: murojaatlar va ularga taqdim etilgan javoblar mazmuni saqlangan holda qisqartirib olindi.
P.S: Aziz mushtariylar! Hududingizda echimini kutayotgan masalalar e`tibordan chetda qolishini istamasangiz, yashash manzilingiz, ism-familiyangizni to`liq yozib, shaxsiy imzongiz bilan bizga maktub yo`llang. Manzilimiz: Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko`chasi, 53-uy. Aloqa indeksi: 100060.
Shuningdek, dushanbadan jumaga qadar soat 10.00 dan 16.00 gacha (+99895) 194-64-16 raqamlariga qo`ng`iroq qilib savollar yo`llashingiz mumkin.





