AsosiyJamiyat

Doimiy ro`yxatga turgan fuqaro o`z nomidagi uyni turmush o`rtog`i nomiga hujjatlashtira olmaydimi?

Assalomu alaykum, “Darakchi” tahririyati xodimlari. Men sobiq harbiy xizmatchi bo`lib, 2012 yil iyun oyidan 2013 yil oktyabr oyigacha Samarqand shahrida ofiserlar tarkibida shartnoma bo`yicha harbiy xizmatni o`tab rezervga bo`shatildim. Illy muddat oralig`ida men bilan birgalikda turmush o`rtog`im, shuningdek, 3 nafar farzandim Samarqand shahrida vaqtinchalik istiqomat qilishdi. Turmush o`rtog`im avval Toshkent shahri Yashnobod tumanidan doimiy ro`yxatdan o`chirilib, Samarqand shahriga vaqtinchalik ro`yxatga turdi. Men rezervga bo`shatilib poytaxtga qaytganimda turmush o`rtog`im ham Samarqanddan vaqtinchalik ro`yxatdan chiqib Yashnobod tumaniga doimiy ro`yxatga turdi. Ayting-chi, endilikda men o`z nomimdagi uyni turmush o`rtog`im nomiga hujjatlashtira olamanmi? Notarial idora xodimlari mumkin emas, deyishdi, shu to`g`rimi?

Anvar Abdullaev, Toshkent shahri Yashnobod tumani

Olmos mahalla Dilnur tor ko`cha 2-uy

Tahririyatga tushgan mazkur savolga O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish Boshqarmasi boshlig`i Badriddin Shorixsiev imzosi bilan quyidagi javobni oldik:

-           O`zbekiston Respublikasining 2011 yil 14 sentyabrdagi "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo`lgan shaxslar - O`zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro`yxati to`g`risida"gi Qonuni bilan tasdiqlangan ro`yxatning 5-bandiga muvofiq Toshkent shahrida doimiy propiska qilingan fuqarolar, doimiy propiska qilingan kundan boshlab uch yil o`tgandan keyin Toshkent shahrida oldi-sotdi bitimlarini, ayirboshlash, renta, umrbod ta`minlash sharti bilan o`zgaga berish va hadya qilishni notarial tasdiqlash va davlat ro`yxatidan o`tkazish IIOning doimiy propiskasi borligi to`g`risidagi ma`lumotnomasini taqdim etsa amalga oshiriladi.

*Izoh: murojaatlar va ularga taqdim etilgan javoblar mazmuni saqlangan holda qisqartirib olindi.

P.S: Aziz mushtariylar! Hududingizda echimini kutayotgan masalalar e`tibordan chetda qolishini istamasangiz, yashash manzilingiz, ism-familiyangizni to`liq yozib, shaxsiy imzongiz bilan bizga maktub yo`llang. Manzilimiz: Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko`chasi, 53-uy. Aloqa indeksi: 100060.

Shuningdek, dushanbadan jumaga qadar soat 10.00 dan 16.00 gacha (+99895) 194-64-16 raqamlariga qo`ng`iroq qilib savollar yo`llashingiz mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar