Futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatining Osiyo qit`asi saralash musobaqalari ikkinchi bosqichi sakkizinchi turida Yaman terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Uchrashuv boshidanoq tashabbusni o`z tomoniga og`dirgan futbolchilarimiz 8-daqiqada hisobni ochdi. Odil Ahmedov oshirgan to`pni yarim himoyachimiz Aziz Haydarov muvaffaqiyatli yakunladi – 0:1. Terma jamoamiz sardori yuzaga keltirgan yana bir vaziyatdan 31-daqiqada Server Jeparov unumli foydalandi – 0:2. 50-daqiqada Stanislav Andreev hisobni 0:3 ga etkazdi.
O`yinning so`nggi daqiqalarida Yaman terma jamoasi futbolchisi Ahmad al-Saroriy hisobni qisqartirishga erishdi – 1:3.
Guruhdagi KXDR va Bahrayn terma jamoalari o`rtasidagi o`yinda 2:0 hisobi qayd etildi.
Shu tariqa terma jamoamiz o`n besh ochko bilan guruhda ikkinchi o`rinda bormoqda. Jamoamiz zaxirasida Filippin va Bahrayn terma jamoalariga qarshi o`yinlar bor. Guruhda birinchi o`rinda borayotgan KXDR terma jamoasi hisobida bir uchrashuv qoldi.
Futbolchilarimiz navbatdagi uchrashuvni 2016 yil 24 mart kuni Toshkentda Filippin terma jamoasiga qarshi o`tkazadi.





