Loyihaning galdagi mehmoni teatr va kino ustunlaridan biri, O`zbekiston xalq artisti Gulchehra JAMILOVA. Aktrisa xususiy kinoda faoliyat yuritadigan rejissyorlar, aktrisa va aktyorlarning san`atga bo`lgan engil-elpi qarashlari, texnika yutuqlari ularni dangasa qilib qo`yayotgani xususida ochiq-oydin gapirdi...
“Rejissyorlar nega tomoshabinni mensimaydi?”
— Qanchalik achchiq bo`lsa-da, bugun dilimdagilarni barini to`kib solmoqchiman. “Bugungi kundagi kinoning axvolidan qoniqasizmi?” degan savolga shuncha yildan buyon hech kimni hafa qilmay, nafsoniyatiga tegmay, degan maqsadda “qoniqmayman”, deb qo`yardim, xolos. Orada ko`ngildagidek filmlar ishlansa, sevinardim. Va “yuqoridagi gapim rejissyorlarga ta`sir qildimikan yoki men noto`g`ri fikr yurityapmanmi”, degan fikrga ham borardim. Barcha filmlarni yomon, deyish fikridan yiroqman. Ayrim kinokartinalar sovrinlarga ega bo`lyapti, lekin ularning bari davlat buyurtmasi asosida suratga olingan. Xususiy kinostudiyalar ishlaydigan filmlar esa bu ro`yxatdan mustasno. Ular o`ziga xon, o`ziga bek bo`lgani uchungina qo`pol qilib aytganda, “ko`pirib” ketishyapti. Istasa pul tikkan prodyuseri yoki uning qarindosh-urug`i bosh qahramon rolini ijro etadi, ssenariy yo`l-yo`lakay yoziladi, mas`uliyatni his qilishmaydi. Aslida esa ular ham tarozi pallasini bosadigan, me`yor chegaralariga ega kinokartinalar ishlashi shart! Ustozlarimiz bizga “tomoshabin senga ergashsin, sen ularga emas! Yo`qsa, bor obro`ing ham bir pul bo`ladi”, deya uqtirishgan. Shu o`gitga quloq tutib kam bo`lmadik. Yana bir gap, “bugungi kun tomoshabinining ongi past”, degan ijodkor katta xato qiladi. Yosh rejisssyorlar Shuhrat Abbosovdek o`z kasbining ustasidan “maktab”idan tajriba o`rganishga ulgurib qolsin. Sobir Nazarmuhamedov, Zulfiqor Musoqov, Jahongir Qosimov kabi professional rejissyorlar bor. So`rab o`rganganning aybi yo`q-ku! Axir san`atimiz kelajagi shu yoshlar qo`lida. Lekin afsus bosh egib borishga yo uyalishadi yoki “o`zim uddalayman, bariga aqlim etadi”, degan fikrda sayoz filmlar ishlanyapti. Eng ayanchli holat esa bachkana, bir xil qolipdagi filmlarning ko`payayotgani. Quvonarli jihati bu fikrlar tomoshabinlardan chiqyapti.
“Qachongacha qaynona-kelin va biznesmen erkak qiyofasini ko`ramiz?”
Hatto masxarabozlarning kuldirishi zamirida ham maqsad bor. Lekin hozir katta ekranlarga chiqayotgan komediya janridagi filmlarda na maqsad va na mazmun bor. Shunday “film”larga “xontaxta” atamasi ishlatila boshlandi. Qaynona-kelin, boy-kambag`al kabi maishiy mavzudagi kinokartinalarning bari — “xontaxta”. Bunday munosabatlar har bir millatda bor. Lekin ular tinmay yuqoridagi kabi mavzularda film ishlayotgani yo`q-ku. Tomoshabin dastingizdan “dod”, deyaptimi, demak kinokartinaga qo`l urishdan avval do`ppini erga qo`yib fikr yuriting. Rejissyorlar nega tomoshabinni mensimaydi? Axir ular bo`lmasa ijodkor hech kim emas!
Sira yodimdan chiqmaydi, biz ishlagan vaqtlarda hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatrining bosh rejissyori Toshxo`ja Xo`jaev dramaturglar spektaklga yaraydigan pesa olib kelmasa, kitob o`qib, izlanib mavzu topardi. Rejissyorman, deb ko`krak kerganlar nega o`qib, izlanib yangi mavzuni ekranga olib chiqolmaydi? Oddiy misol, istalgan xonadonning eshigini taqillatsangiz, albatta, bitta ssenariybop mavzu topiladi. Nega ekranlarda zamon qahramonlari yo`q? Qachongacha qaynona-kelin va biznesmen erkak qiyofasini ko`ramiz? Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, nega shifokor, tadbirkor, olima bo`lgan ayollarni ekranga olib chiqishmaydi? Shu savollarga javob topolmay qiynalaman.
“Taksiga chiqishga bezillab qolganman”
— Ishonsangiz, taksiga chiqishga bezillab qolganman, chunki “falon aktyor, aktrisaga ayting hamma filmda chiqaverib jonga tegdi-ku”, “nega bir tiyingga qimmat filmlar ishlashadi?” deya ta`nalarga ko`mib tashlashadi. “Fikringizga qo`shilaman, lekin ular meni gapim bilan ish qilmaydi-da”, deb tezroq manzilimga etib olish payida bo`laman. Emagan somsang uchun pul to`lash yoqmaydi-da. Ta`nalarga javob topgandekman, biz o`qigan vaqtda kontrakt tushunchasi yo`q edi. Nazarimda, O`zbekiston san`at va madaniyat institutida bilimi bor yoshlar o`qishi kerak, eplolmasa haydalsin. Bu haqda so`z ochishimdan maqsad, kuni kecha o`sha institutda dars beradigan, o`z kasbining ustasi bo`lgan tasvirchi bilan suhbatlashgandim. “Gulchehra opa, guruch kurmaksiz bo`lmas ekan. Ikki-uchta talabam “kontraktni to`lab qo`yganman, meni bezovta qilib nima qilasiz? Darsga kelmayman, deydi”, desa bo`ladimi? O`sha institutga borib, yaratilgan imkoniyatlarga rosa havasim keldi. O`z kasbining ustalari bo`lgan pedagoglar dars berishadi. Ba`zi talabalar uchun “oldida oqqan suvning qadri yo`q ekan”.
Ustoz sahnaning changini yalamagan bo`lsa, yillar davomida o`qib o`rgangani asosida dars bergan taqdirda ham munosib shogird tayyorlay olmaydi. Ochiq aytganim uchun pedagoglar xafa bo`lishmasin. Yana bir gap, teatrda ishlagan vaqtimda ustozlar boshchiligida boshqa teatrdagi premeraga borishimiz shart edi. Va spektakldan so`ng muhokama bo`lardi, xato-kamchiliklar aytilgani uchun esa hech kim xafa bo`lmasdi. Qolaversa, qaysi teatrda kimlar ishlashini bilardik, bir-birimizni tanirdik. Hozirgi kunda ustoz-shogirdlik oqsagani bois bu an`ana ham yo`qolib ketdi.
“Lab-lunjingizni yig`ishtirib gapiring”
— Bir xususiy filmda yoshlar bilan ishlashga to`g`ri keldi, nomini aytishni istamayman. Asl kasbi huquqshunos, lekin bu borada bilimga ega emas. “Kinoda nima qilib yuribsan?”, desam, “San`atkor bo`lmoqchiman”, deydi. Unda shu kasbni etuk mutaxassisi bo`laman, degan bilimga chanqoq tengdoshingni yo`lini to`sib, nega huquqshunoslikka o`qiding? U bilan qanday azobda ishlaganimizni aytmay qo`ya qolay. Xususiy kinoning istagan odam kirib-chiqishi mumkin bo`lgan bozordan farqi qolmadi. Hozir har ikki kishining bittasi “artist bo`laman, hamma pul ularda”, deydi.
Sira yodimdan chiqmaydi, ikkinchi bosqich talabasi edim. Imtihon vaqti abiturientlarni kuzatib turgandim. Rektorimiz Hamid Abdullaevich aktyorlik mahoratidan imtihonga kirgan abiturientdan “Nega san`atkor bo`lmoqchisan?” deb so`rasa, “Artistlar ko`p pul topadi”, degandi, rektor haydab soldi. U vaqtda hatto “otarchi” degan so`z ham yo`q edi-da!
Istagim, “xontaxtachi” va “otarchi”lar haqiqiy san`atni orqaga tortmasin! Avvallari “artist”, desa odamlarning chehrasi yorishardi. Hozir bu so`z salbiy ohangda aytiladigan bo`lib qolgan. Gohida ko`cha-ko`yda “artistsiz-a?” deb qolishadi. “Yo`q, aktrisaman, lab-lunjingizni yig`ishtirib gapiring”, deya hazil aralash javob qaytaraman. Professional ijodkorni “otarchi”lar bilan bir qatorga qo`shishlari odamni xafa qiladi. “Birniki mingga, mingniki tumanga”, deb bejiz aytishmagan-da.
“Imkoniyatlar ijodkorni dangasa va mas`uliyatsiz qilib qo`ydi”
— Hozir texnika asri bo`lgani bois kino suratga olishda anchagina qulayliklar paydo bo`ldi. O`xshamagan sahnani qayta-qayta dubl qila oladi. Avvallari o`ynagan rolimiz yaxshi yo yomon chiqqanini bir necha bosqichdan o`tgan film tayyor bo`lgandagina bilardik. Tasvirchi, chiroqchi, aktyor, umuman ijodiy jamoadan kim xatoga yo`l qo`ygani o`shanda ma`lum bo`lardi. “Plyonka” qimmatligi bois uchtagina dublga ruxsat berilardi, xolos. Shu sabab bir yoqadan bosh chiqarib, ishga jiddiy yondashishga odatlangandik. Ijodkorlarga yaratilgan hozirgi texnik imkoniyatlar esa ularni o`ta dangasa va mas`uliyatsiz qilib qo`ydi. Xususiy filmda suratga tushganimda rejissyorning “suflyor”ga o`xshab, “o`ngga qara, yugur, endi kul”, deb xatti-harakatni, hatto ssenariydagi so`zlarigacha aytib turishini ko`rib hayratda qoldim. Aktyorlar qahramonining holatini “yurak”dan his qilmasa, uni qo`g`irchoqdan farqi qolmaydi-ku. Lekin ikkita filmda ko`ringanidan so`ng “yulduz”ga aylanadi. Ular hatto yoshi katta san`atkorlar bilan so`rashishmaydi. Kamiga kech kelgan bo`lishiga qaramay, suratga olish maydonchasida “bu kiyimni kiymayman, dazmol qiling, sochimni turmaklang”, deya dirijyorlik qilishadi. Bir yarim soat yosh aktrisalarni tayyor bo`lishini kutib o`tirgan paytlarim ko`p bo`lgan. Gohida libos topilmaganidan ijaraga olingan xonadon egalarining kiyimini kiygan aktrisalarni ham ko`rganman (kuladi). Bunday holatlarni sira hazm qilolmayman. “Maktab”imga amal qilgan holda suratga olish maydonchasiga uydan kiyinib, sochimni turmaklab, pardoz qilib, tayyor bo`lib boraman.
Aktyorlarimiz avvalo o`zini hurmat qilsa, bosar-tusarini bilsa, kiyinish odobiga rioya qilsa, ijodini tarozi pallasiga qo`ya olsa, jamiyatda o`z o`rnini topa bilsagina haqiqiy, hurmatga loyiq ijodkor bo`la oladi. Istagim, shunday san`atkorlarimiz ko`payaversin!
“Yurag”i bor, ko`zi “gapiradigan”, ulama kiprikda va labi shishirilgan aktrisalar
Yosh aktrisalar haqida gap ketganida, Ra`no Shodieva, Dilnoza Kubaeva, Jamila G`ofurovaning ijodiga to`xtalgan bo`lardim.
- Ra`no Shodieva bilan ko`p ishlaganman. Filmdagi har bir xatti-harakati o`ziga yarashadi, sun`iylik yo`q. Atrofdagilarning fikr, tanbehlarini o`ziga singdirib, rolini yurakdan ijro etadi. Kamera yoqilgach, darrov qahramoni hayotiga kira oladi. Ra`no professional aktrisa darajasiga eta oldi.
- Dilnoza Kubaeva kino uchun yaralgan aktrisa. Istarasi issiq, ko`zi “gapiradi”. Kinodagi har bir qahramonining xatti-harakatidan to qiliqlarigacha o`ziga yarashadi. Uni ko`rib, “bu rejissyor qo`ygan vazifani shundayligicha o`ynab berayapti”, degan fikr tug`ilmaydi.
- Jamila G`ofurova “maktab” ko`rmagan, lekin aktyorlarga xos ichki “maktab”ga ega, ko`zi aldamaydi. Buni Jamiladan tortib olomaysiz. Ekrandagi qahramonini tomoshabin ishonadigan darajada maromiga etkazib ijro etadi. Rolida “yashash”ni biladigan aktrisa.
- Sevara Solieva O`zbekiston san`at va madaniyat institutining talabasiga aylanmay turib, “Bir kam dunyo” serialida biz bilan suratga tushgandi. Katta jamoaga qo`shilib, “yurag”i borligi sabab unga singib keta oldi. Bu qizning ham kelajagi bor.
Qolgan yosh aktrisalar haqida gapirib o`tishni lozim topmadim. Boisi ularning bari ekranda xunuk ko`rinishdan qo`rqib, qahramonining holatiga to`g`ri kelmasa-da, hind aktrisalariga o`xshab bo`rttirilgan pardozda chiqishadi. Ko`pchilik aktrisalar labini ustma-ust qo`yilgan ikkita kotletga o`xshatib, su`niy shishirib olishgan. Ulama kipriklarniku, gapirmasa ham bo`ladi. Film ko`ra turib, hatto ertalab uyqudan ko`z ochganda ham kechagi pardozda ekanini ko`rib g`ashing keladi. Hurmatli yosh aktrisalar tabiiyligingizni yo`qotib, obro`ingizni yo`qqa chiqarmang! Kinoda faqat chiroy emas, iste`dod ham muhim omil.
“Bugungi kunda erkak bosh qahramon yo`q!”
Bir necha yillar avval yoqimtoy aktyorlar to`rtligi bor edi. “Hozir ham eski hammom, eski tos”. Filmlarda bo`y ko`rsatib turishibdi, omadini bersin. Lekin haqiqat shundaki, bugungi kunda erkak bosh qahramon yo`q! Aslida shu to`rtlikni xususiy kino bachkanalashtirib yuborgan.
- Farrux Soipov tipaj jihatdan bosh qahramon bo`la oladi, “Kelgindi kuyov”dagi bachkana rolini hisobga olmasa albatta. Lekin o`sha rol o`ziga yarashgan. Biroq to`rtlikning orasidan Farruxni birinchi o`ringa qo`ygan bo`lardim.
- Adiz Rajabovni rejissyorlar muhr bosgandek, filmdan filmga “sakrataverishdi”. Bu holatga tirikchilik sabab ko`nikkandir, balki. Oxiri o`zi ham qochgani joy topolmadi, shekilli. Uni aybi shundaki, ikkita filmdan so`ng “bo`ldi, bir xil qolipdagi uchinchi film menga ortiqcha”, deya bunga chek qo`yolmadi.
Qolganlar haqida to`xtalib o`tirmayman. Chunki tanbehdan to`g`ri xulosa chiqaradigan ijodkor o`n yil avval o`zgargan bo`lardi. Bemaza qovundek rollarini ko`paytirmasdan, saralangan filmda ko`ringan aktyor sevimli bo`ladi. Sog`intirib ijod qilganga nima etsin. Agar mahorating bo`lsa, ijodiy tanaffus mobaynida unutilmaysan. Bugungi qiladigan ishing, avvalgisidan ustun bo`lishi shart!
Eng munosiblar...
— Farzandingiz timsolini yaratishga munosib aktyor va aktrisa?
— Har bir filmda o`g`limni Bobur Yo`ldoshev, qizimni Ra`no Shodieva o`ynashini istayman. O`rta yoshdagi aktyorlardan katta o`g`limni Fatxulla Mas`udov, Uchqun Tillaev, katta qizimni Ra`no Zokirova ijro etsa deyman.
— Sizga mos “juft”?
— Har tomonlama to`g`ri keladigan aktyor bu O`lmas Alixo`jaev edi. Hozircha uning o`rnini bosadigan aktyor yo`q. Borlari “xontaxtachi”larga aylanib qolgan.
— Xususiy kinostudiyada ishlaydigan rejissyorlarning qay biri bilan “jon” deb ishlardingiz?
— “Geolog: o`limdan kuchli” filmida ishlagan rejissyorim Dilmurod Masaidov bilan mamnuniyat bilan yana birga ishlagan bo`lardim. Ochig`i, xususiy kinostudiyalardagi boshqa rejissyorlarning birortasini tanimayman.
Sizningcha...
— Kumush roliga munosib aktrisa?
— Juda qiyin savol! Unday aktrisaning o`zi yo`q.
— Zaynab roliga-chi?
— Fe`l-atvor jihatdan mos tushadigan aktrisalarimiz juda ko`p (kuladi).
— Otabek roliga mos aktyor bormi?
— Yo`q!
— “O`tkan kunlar” filmini suratga ololadigan rejissyor?
— Zulfiqor Musoqov. O`zi ham shu asarga qo`l urish istagida yuribdi. Yosh rejissyorlardan birortasini aytolmayman. Chunki klassik asarimiz klassikligicha qolishini istayman. Ular o`z yo`nalishida ishlayverishsin.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi





