Poytaxtimizda “Infolib – 2015” IV Milliy axborot-kutubxona haftaligining yopilish marosimi bo`lib o`tdi.
Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo`jaevning so`zlariga ko`ra, so`nggi yillarda kutubxona, ayniqsa, yoshlar orasida yanada ommalashdi. Masalan, 2012 yilda kutubxonaga 250 mingdan ziyod kishi kelib, 1 milliondan ortiq kitob o`qigan bo`lsa, joriy yilning o`tgan to`qqiz oyida bu ko`rsatkich 630 mingdan oshdi va 4,5 million kitob mutolaa qilindi.
Haftalik doirasida davra suhbatlari, kutubxona bo`ylab turli ekskursiyalar, ma`rifiy aksiyalar, ko`rgazmalar va filmlar namoyishi o`tkazildi. Shu bilan birga, taniqli yozuvchi va shoirlar, rassomlar, rejissyorlar, xonandalar ishtirokida ijodiy kecha va uchrashuvlar bo`lib o`tdi. O`quvchi-yoshlar uchun esa turli mahorat saboqlari tashkil etildi. Yangi kitoblar taqdimotlari o`tkazildi.
Tadbirda “Infolib – 2015” haftaligi yakunlari sarhisob qilinib, eng faol ishtirokchilar taqdirlandi.





