Poytaxtda sun`iy giyohvand vositalar savdosi bilan shug`ullanayotgan jinoyatchilar qo`lga tushdi.
“Spays” sun`iy giyohvand vositasi, afsuski, bizning yurtimizni ham chetlab o`tgani yo`q. Bu og`u savdosi bilan shug`ullanish yaxshilikka olib kelmasligi ma`lum bo`lsa-da, yurtdoshlarimiz orasida shu nomaqbul ishga qo`l urayotganlar uchrab turibdi. Yaqinda shunday guruhlardan biri qo`lga olindi va javobgarlikka tortildi.
Dastlab bu to`daning Toshkent viloyatida tug`ilgan vakili, 39 yoshli Sunnatulla Abdirayimov qo`lga tushdi. U Toshkent shahri va viloyati hududida “spays” va marixuna giyohvand moddalarini sotish bilan shug`ullanib kelgan. Uni giyohvand moddalarni sotish paytida, jinoyat ustida qo`lga olishdi.
Abdurayimovning guvohlik berishicha, marixuanani unga 34 yoshli Sherzod Dolgix degan yigit etkazib bergan. Tezkor guruh xodimlari uning uyida tintuv o`tkazishganda, sotishuchun 55 dona gugurt qutisida qadoqlangan 190 grammga yaqin marixuanana moddasini topishgan.
Shu tariqa jinoyat kalavasining bir uchi Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1982 yilda tug`ilgan Bahriddin Karimovga borib taqaldi. Ma`lum bo`lishicha, Dolgixdan musodara qilingan giyohvand modda ham aslida Bahriddindan olingan ekan. Biroq, xavf isini sezgan B.Karimov g`oyib bo`lgan.
Jinoiy to`daning yana bir a`zosi 36 yoshli Farhod Mirsaidov ham poytaxtda “spays”ning bir dozasini 300 ming so`mga sotayotganda tuzoqqa ilindi. Aniqlanishicha, pul va narkotiklarni u qarindoshi Oybek Ziyaevga berishi kerak bo`lgan.“Issiq izlar” bo`ylab tezkor guruh poytaxtning Mirzo Ulug`bek tumanida yashovchi 33 yoshli O.Ziyaevning eshigini qoqishdi. Oybek avvaliga eshikni ochishdan bosh tortdi. Favquldodda vaziyatlar vazirligi xodimlari yordamida eshikni buzib kirishga to`g`ri keldi. Tezkor guruh ichkariga kirganida Oybek ularga qarshilik ko`rsatmoqchi ham bo`ldi. Tekshiruvlar paytida uning mashinasidan ko`knori boshchasi va ikki dozada “spays” moddasi topilgan.
Tergov davomida poytaxtdagi oliy o`quv yurtlaridan birining 25 yoshli talabasi, guruhda vositachi rolini o`ynagan Denis Tokarev ham qo`lga olingan. Uning izidan Respublika olimpiya zahiralari maktabi tennis murabbiysi 50 gramm “spays” moddasini “Samarqand darvoza” savdo majmuasi avtoturargohida ming dollarga sotishga urinayotgan paytda qo`lga tushgan.
31 yoshli S.Obidovning uyi va mashinasini tintish chog`ida 80 gramm “spays”, marixuna urug`i hamda narkotiklar tayyorlash va chekish uchun ishlatiladigan moslamalar topilgan. Uning o`zi narkotik qotishmalarni internet saytlarining biridan olingan resept asosida tayyorlaganini tan olgan. Moddalarni ham internetdagi forumda xabar qoldirish orqali topgan, keyin uning pulini «Webmoney» tizimidan pul o`tkazish yo`li bilan to`lagan.
Tezkor tadbirlar natijasida jinoiy guruh fosh etildi. Guruhning barcha a`zolari sudning qora kursisiga o`tqazildi va 3 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Nozim Qahhorov





