2015 yilning 9 oyi davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda salkam 800 ta bojxona qoidabuzarliklari aniqlanib, qiymati 6 mlrd. so`mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida olib ko`yildi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar beradi.
Jumladan, boshqarmaning “Toshkent-tovar” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi “K.A.” korxonasi tomonidan Xitoydan keltirilgan “Oshxona anjomlari” tovarlari unga tegishli yo`l-yuk kuzatuv hujjatlari hamda bojxona yuk deklarasiyasi asosida bojxona ko`rigidan o`tkazish davomida 114,5 mln. so`mdan ortiq qiymatdagi salkam 30 turdagi tovarlar bojxona deklarasiyasida qayd etilmagani aniqlandi.
Shuningdek, mazkur bojxona postida “A.A.T.” mas`uliyati cheklangan jamiyati (MChJ) nomiga keltirilgan tovarlarni bojxona ko`rigidan o`tkazish davomida bojxona yuk deklarasiyasida qayd etilmagan qiymati salkam 136,4 mln. so`mlik turli xo`jalik mollari tegishli hujjatlarsiz olib kirilganligi fosh qilindi.
“Arq-buloq” TIF bojxona posti xodimlari “N.M.C.”MChJ tomonidan tovarlarni noqonuiy ravishda olib kirishga bo`lgan urinishlarni fosh qilishdi. Mazkur korxona nomiga keltirilgan yuklar o`rnatilgan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, qiymati 250 mln. so`mlik salkam 50 turdagi “Avtomobil ehtiyot qismlari” bojxona yuk deklarasiyasidan “tushib” qolganligi aniqlandi.
“Chuqursoy” TIF bojxona posti xodimlari poytaxtimizdagi “Q.G.L.” MChJ tomonidan keltirilgan yuklarni bojxona ko`rigidan o`tkazish davomida bojxona yuk deklarasiyasida qayd qilingan kimyoviy moddalardan tashqari tegishli hujjatlari bo`lmagan qiymati 75 mln. so`mlik 62 turdagi turli xalq iste`moli tovarlariga ham duch kelishdi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 22722-moddasi 1-qismiga binoan bojxona chegarasi orqali olib o`tilayotgan tovarlarni deklarasiyalamaslik yoki noto`g`ri deklarasiyalash, ya`ni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur bo`lgan, belgilangan yozma, og`zaki yoki boshqa shakldagi ma`lumotlarni bermaslik yoxud noto`g`ri ma`lumotlar berish, agar jinoyat alomatlari bo`lmasa, fuqarolarga tovarlarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan o`n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, etti baravaridan o`n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida muvofiq, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga o`xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo`li bilan foydalangan holda yoki deklarasiyasiz yohud boshqa nomga nomga yozilgan deklarasiyadan foydalanib, tovar yoki boshqa qimmatliklarni ko`p miqdorda O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan o`tkazish, shunday harakat uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo`lib, eng kam oylik ish haqining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha ahloq tuzatish ishlari yohud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.





