«Begim» qo`shig`i bilan millonlab qalblarni zabt etgan bu ijodkorni san`atga qadam qo`yganidan buyon yaxshi taniyman. Shu kungacha uni soxta «piar»lar-u, turli xil gap-so`zlar chetlab o`tardi. Biroq «san`atkor bo`laman», degani borki, kun kelib tanlagan sohasining «tosh»lariga duch keladi. Va shunday holat ro`y berishini, san`atning «non»ini eyishga «temirdan tish» kerakligini anglagan holda shou-biznes «olam»iga qadam qo`yadi. Xonanda DILSO`Z ham kutilmaganda ketma-ket «zarba»larga duch keldi. Bugungi suhbatimiz ham aynan shu haqda…
— Dilso`z, avvalo farzandli bo`lganingiz bilan tabriklayman!
— Katta rahmat!
— Odatda erkak kishi birinchi farzandi o`g`il bo`lishini kutadi. Sizlarda bu jarayon qanday kechdi?
— O`g`ilmi yo qiz, sog`lom bo`lsa bo`ldi, deb niyat qilgandik. Turmush o`rtog`im ham qizlik bo`lganidan boshi osmonda. «Aqlli ayol avval qiz tug`adi», degan gap bor-ku (miriqib kuladi).
— Ona bo`lib, onangizning qadriga etgandirsiz?
— Nimasini aytasiz? Ochig`i, hamma sinovlar-u, qiyinchiliklar ayol kishining boshida ekaniga amin bo`ldim. Onamning qiyinchiliklarini o`sha damlarda chuqur his etdim. Ona bo`lgach, faqat farzandingizning haqidagi o`y-xayollar bilan yashaydigan bo`lib qolar ekansiz. To`g`risi, hozir avvalgidek o`zimga oro berishga ham vaqtim yo`q. Bor e`tiborim qizimda, hatto Farrux aka ham Dilso`zning oldidan ketolmaydigan bo`lib qolgan (kuladi). Darrov sog`inib qoladi.
— Dilso`zni qo`lingizga olganingizda nimani his qildingiz?
— Avvalo shukr qildim. Lekin hozirgacha ona bo`lganimga ishonmayman. Gohida qizimga qarab turib, «Rostdan shu mening farzandimmi?» degan fikr o`tadi. Tobim bo`lmasa, Farrux aka azoblanayotganimga dosh berolmaydi. Tug`ruqxonadagi holatimni ko`rib esa yonimda dalda berib turolmadi. Ko`zim yoriganini bilganidan so`nggina oldimizga kirganida menga rahmi keldi. «Hammasi ortda qoldi. Xudo xohlasa bari yaxshi bo`ladi», deb, Dilso`z ikkalamizni o`pib, rahmat aytdi.
— Xonanda Alisher Fayz «agar erkaklarimiz rafiqasining ko`zi yoriyotganda hech bo`lmasa tug`ruqxona derazasi tagida turganida, ayolini sira xafa qilmagan, ona bo`lish mashaqqatlarini tushungan bo`lardi», degandi. Shu ma`noda Farrux ikki yo`l orasida turib, ona bo`lish qanchalar qiyin ekanini his qilgan bo`lsa kerak?
— Bilasizmi, erkak kishi ona bo`lish nima ekanini baribir anglolmaydi. Chunki «Tabib tabib emas, boshidan o`tkazgan tabib». Boshimdan o`tkazgachgina onamning qadriga etdim. Erkak kishi bunday jarayonni o`zida his qilmagani uchun ham ayol kishining dardini tushunmaydi. Lekin erkaklarni tushunish mumkin, rafiqasi azoblanayotganini ko`ra turib, yordam berishga ojiz bo`ladi, bu ham og`ir. Turmush o`rtog`imni o`sha damda to`g`ri tushundim. Rosti, oldimda turishini o`zim istamadim.
— «Dada» filmida «Endi Zafarlar oilasi bo`lamiz», deydi-ku! Shunga o`xshab, Dilso`zlar oilasi bo`libsizlar-da?
— (Miriqib kuladi) Homiladorligimda «Dilso`z taxallusini qizimizga ism qilib qo`ysak-chi?» degan taklif bildirganimda, turmush o`rtog`imga ma`qul bo`lgan. So`ng uydagilarga qarorimizni aytganimizda, qo`llab-quvvatlashdi. Bu qarorga kelishimga sabab, Dilso`z taxallusi menga omad olib keldi, xalqqa tanitdi, ozmi-ko`pmi yutuqlarga erishdim. Lekin asl ismim bilan Go`zal, deb chaqirishsa ko`proq yoqadi.
— Ko`pchilik sizni Dilso`z deyishga odatlangan. Qizingiz katta bo`lganida «Dilso`z» deb chaqirishsa, qay biringiz qaraysiz? Qiziq jarayon bo`lsa kerag-a?
— Bu tomonini o`ylamabman (kuladi). «Qaysi birimizni chaqiryapsizlar?» deb rosa kulsak kerak. Noiloj, «katta Dilso`z, kichkina Dilso`z», deb chaqirishsa kerak.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ota-ona bo`lganingiz haqidagi xabarga qo`shilib, «besh yarim oyda tug`dimi?» degan gap-so`zlar ham tarqaldi…
— Odamlar bilib-bilmay xulosa chiqarib, gap tarqatganidan xafa bo`ldik, albatta. Etti yillik sevgi tariximizdan xabaringiz bor. Asli to`yimiz o`tgan yili noyabrda bo`lishi kerak edi. To`yxona gaplashilgan, barcha narsa taxt edi. Kutilmaganda 21 yoshli jiyanim vafot etdi. Ta`ziyali bo`lganimiz uchun to`yni qoldirgandik. Lekin Navoiyda nikoh o`qitilgan, FXDYodan ham o`tgandik. Toshkentdagi to`yni orzu-havasimizdagidek o`tkazish uchun fursat kutdik. Farzandim esa etti oylikdan ozgina o`tib, dunyoga keldi.
— Gap-so`zlarga qaraganda poytaxtdagi to`yingizni ustozingiz Sardor Rahimxon o`tkazib bergan ekan, yo bu ham mish-mishlardan birimi?
— Navoiydagi to`yni ham, Toshkentdagisini ham Farrux aka ikkimizning oila-a`zolarimiz kelishgan holda o`tkazishgan. Turmush o`rtog`im o`zi ishlab topgan puliga to`y qildi.
— To`yingiz munosabati bilan «falon narsalarni biz to`yona qilamiz», deganlar chuv tushirib ketgani quloqqa chalingandi…
— Ha, bunday voqealar ham bo`lgan. «Kamera, dekorasiyani tashvishini qilmanglar, to`yona qilamiz», deganlar to`yxonada kelin-kuyov bo`lib o`tirganimizda «pulini beringlar!» deb kelganida lol bo`lib qolgandik. O`sha vaqtda pul topib berib yubordik. Keyin esa hech kimning va`dasiga ishonmay, hamma narsani o`zimiz qilganimizga etmas ekan, degan xulosaga kelganmiz. Lekin san`at sohasidagi opa va dugonalarim yaqindan yordam berishdi. Erkaklardan ko`ra ayollar mard ekaniga ham amin bo`ldim.
— Ona bo`lganingizga hech qancha vaqt bo`lmay, tug`ruqxonada ko`zingiz yoriyotgan vaqtdagi rasmingiz internetga tarqab ketdi. Bu haqda qay vaqt xabar topdingiz?
— Tug`ruqxonadan chiqishimizdan bir kun avval dugonam Iqbola qo`ng`iroq qilib, «rasmingni ko`rdingimi?» deb qoldi. Yodingizda bo`lsa, to`yimizdagi rasmni olib, «fotoshop»da meni besh oylik homiladordek qilib, tarqatishgandi. Yana o`shanday rasmlardir-da, deb «bunday xabarlarni aytma, kayfiyatimni buzgim kelmayapti», dedim. So`ng dugonam go`shakni qo`ydi, ovqatlanayotgandim-da. Biroz o`tgach, telegramga kirib ne ko`z bilan ko`rayki, tug`ruq vaqtimdagi rasmim! Rosti, «shok»ka tushib qoldim. Darhol Farrux akaga qo`ng`iroq qilib aytgandim, tasavvur qilib bo`lmaydigan darajada g`azab otiga mindi. Kechqurun bo`lgani uchun bosh shifokor bilan gaplasholmadim. Sutim qochmasligi uchun asabiylashmaslikka harakat qildim. Tong otishi bilan bosh shifokorning oldiga borib, rasmni ko`rsatdim. U ham hayron bo`lib, o`sha kuni navbatchilik qilgan barcha xodimlarni chaqirtirib so`roq qildi. Albatta, hech kim aybini tan olmadi. Farzandim tug`ilishiga hali vaqt borligi uchun tug`ruqxona gaplashmagandim. Kutilmaganda dard tutib qolgani uchun tug`ruqxonaga bordim va navbatchilik qilayotgan shifokorlar meni qabul qilishdi. O`zimning gumonim - bir shifokor ayoldan. Qolgan shifokorlar rus edi. Ular hatto meni xonanda ekanimni bilishmadi ham. Lekin u ayol meni darrov tanib, «salkam hamshahar ekanmiz», deya o`zini menga yaqin tutgandi. Ayol kishi bo`la turib, dard tutib yotgan ayolni rasmga olib tarqatganiga hayron qoldim. O`sha kuni uning telefonda gaplashganini ham ko`rgandim, boshqa shifokorlarning qo`lida telefon yo`q edi.
— Eshitishimcha, san`atkor ayollarning bunday rasmlari birinchi bor tarqalishi emas ekan.
— To`g`ri. Aktrisa Xosiyat Husanovani shifokorlar kesercha kesish usuli bilan tug`dirayotgan vaqtidagi rasmini ko`rib, daxshatga tushgandim. Eshitishimcha, raqqosa Parizodaning ham shunday rasmi tarqagan ekan.
— Qanday chora ko`rdingiz?
— O`zim ham Ichki ishlar tizimida ishlaganim bois, ularga murojaat qildim. Tug`ruqxonadan chiqishimdan oldin odam yuborishdi, ariza yozib berdim. Hozir tergov ishlari boshlangan. O`sha tug`ruqxonaning bunday «ish»lariga chek qo`yish kerak! Qaytib u tug`ruqxonaga bormayman, ishonchimni suiste`mol qilishdi.
— Bunday ketma-ket «zarba»lar shuncha yil misqollab yiqqan obro`yingizga ta`sir ko`rsatmay qolmadi…
— Ochig`i, odamlarning gap-so`zi bilan yashaydiganlar sirasidan emasman. O`zimga to`g`riman, o`z hayotim bilan yashayapman. «Sevilib-sevib turmush qurdim, farzandli bo`ldik. Eng baxtli ayollardan biriman! Baxtimga ko`z tegmasin, ilohim!
— Odatda ayol xonandalar farzandli bo`lgach, chilla saqlamay ijodga «sho`ng`ib» ketishadi. Tug`ruq ta`tili siz uchun ham yot tushunchami?
— Ochig`i, sog`lig`imni tiklab olishim kerak, ona bo`lish oson ish emas. Qolaversa, chilla saqlash bejiz chiqarilgan emas. Shu sabab qirq kun chillada o`tiraman. Aytib o`tishni istardim, bola boqishda onam katta yordam beryapti. Shifoxonada ham bir qadam oldimdan ketmay, issiq-sovug`imdan boxabar bo`lib turdilar. Yaxshiyam onam bor ekan, baxtimizga sog` bo`lsin! Ijodga kelsak, qirq kunlik chilladan keyin yana ish boshlayman. Chunki hozir raqobat kuchli, to`xtab qolishni istamayman. Rosti, ona bo`lgach, ijod qilishga ilhomim jo`shib turibdi. Nasib etsa, muxlislarimni yangi ijod namunalarim bilan xursand etaman.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi





