Ushbu sahifa aksariyat hollarda telefon qo`ng`iroqlari va maktublar asosida tayyorlanardi. Bu gal unday bo`lmaydi. Ish yuzasidan Samarqandga yo`l olagan chog`imizda tanishganimiz Go`zal ismli qiz kasbimiz bilan qiziqdi. “Darakchi” nomini eshitishi bilan esa, “Yuragimda saqlaganlarim...”ga aytadiganlarim bor. Aytsam, yozasizmi?” dedi. “Albatta, ishimiz shu-ku”, deyishimiz bilan u o`z hikoyasini boshladi...
- Men bir necha marta tahririyatga qo`ng`iroq ham qilganman. Lekin go`shak ko`tarilgani hamono, qo`yib qo`yardim. Jur`atsizman-da! Keyin xat yozmoqchi ham bo`ldim. “Yozayotganimda uydagilardan kimdir ko`rib qolsa-chi?” degan hadik bunga ham izn bermadi. Xullas, aslida qalbimdagilarni sizga yuzma-yuz aytish nasib qilgan ekan. Hamon ishonolmayapman, rostdan ham o`zi gazetada ishlaysizmi? Hujjatingizni ko`rsating.
Obbo, nimalar deyapman! Hujjatingizni ko`rsam, tilim kalimaga kelmay qoladi. Fikrimdan qaytaman. Mana qaytayapman, ham. Qanday aytaman? Xayolimda ichimda yotgan gaplar tashqariga chiqsa, portlab ketadigandek, butun dunyoga zarar etkazadigandek...
Keling, mayli aytmay qo`ya qolay. Yo`q, aytaman! Qo`ng`iroq qilgan chog`larimda ham qizil tugmani bosib qo`yaganimdan keyin rosa azoblanardim. Agar hozir sizga “yorilmasam” buning alami oylab ketmasa kerak. Oldin chuqur nafas olib olay...
Aytmoqchi bo`lganim - ancha yillik voqealar. Hammasiga erkaligim, xudbinligim sabab bo`lgan. Oilada bittayu bitta qiz edim. Uchta akam bor. Katta akam uylanguncha, bo`lajak yangam bilan munosabatlarimizni ko`z oldimga keltirib zavqlanardim. “Yangajon” deyman derdim. Afsuski...
Yangam ham men kabi o`z oilasida yagona qiz edi. Mendan farqi - juda go`zal va latofatli, erka qiz bo`lgani gap ohangidan ham sezilib turardi. Buni ko`rgan ota-onam unga bor e`tiborini qaratishdi.
- Uyida erka qiz bo`lgan. Tag`in xafa qilib qo`ymaylik. Senam ko`ngliga qara, — deyishardi ota-onam akamga. — Qiz bolaning boshqa ro`zg`orga singib ketishi qiyin. Ayniqsa, oilada bitta bo`lsa. Ertaga singling ham xuddi shunday kelin bo`ladi. Unga ilohim uydagilari bizdek munosabatda bo`lsin!
Yangam akam bilan sevishib turmush qurgani bois, bu gaplarsiz ham akam uning ko`ngliga qarardi. Ayniqsa, homilador bo`lganidan keyin yanada mehribon va ehtiyotkor bo`lib qoldi. Uydagi hamma yangamga g`amxo`rlik qilar, topganlarini unga ilinar, xursand qilishga intilardi.
Bundan albatta men kuyardim. Bu ixtiyorimdan tashqarida edi. Hasad degani shunaqa bo`lsa kerak. Ehtimol, oilamni qizg`angandirman? Balki, o`rnimni yo`qotishdan qo`rqqandirman? Chunki ungacha uyda doim diqqat markazda men bo`lganman. Bu xuddi mansabdan tushgan odam holini eslatardi menga. Go`yo uydagi o`rnimni yangam egallab olgandek. Shuning uchun yangamni yomon ko`rib qola boshladim. Har bir qilig`i, ishi g`ashimni keltirar, tirnoq ostidan kir qidirardim. Unga qovoq osib, qo`rs gapiradigan bo`ldim.
- Sizga nima bo`ldi? Xafa qildimmi? — hayron bo`lardi yangam ko`nglimni olishga urinib.
Men qovoq osib nari ketardim.
Oddiy narsalar uchun ham yangamni jerkib berardim.
- Uyni supirib, pol artmagansiz! Chala qilasiz ishlarni! — dedim bir kuni yana zahrimni sochib.
- Egilishim qiyinroq. Shunga... sizdan iltimos qilsammi, deb turgandim... — dedi yangam homilasi ancha katta bo`lib qolgani uchun.
- Bahona qilmang, pol artish homiladorlarga foydali!
Yangam jimgina xo`rsinib qo`ydi. Bunaqa voqealar tez-tez bo`layotgani uchun oyim ajablanib qarab qo`yardi.
- Nega yangangga ters gapirasan? — hayron bo`lib so`raydigan ham bo`ldi.
Avvaliga buning sababini tushuntirib berolmaganim uchun sukut saqlab yurdim. Ammo otam ham qo`polligim sababini so`ragach, o`zim bilmagan holda yolg`on gapirdim:
- Xonasiga kirib olib, uyidagilarga doim bizni yomonlaydi. Shuncha “puf-puf”lasangiz ham sizlardan norozi. Ikkiyuzlamachiligini bilganim uchun ham yaxshi gapirgim kelmaydi!
Bu gapimdan keyin ota-onam jimib qoldi. Lekin sal o`tmay onam vazminlik bilan tushuntirdi:
- Bolam, hozir yangangning eng injiq pallasi. Homiladorlik hammaga har xil ta`sir qiladi. Kim bilsin, ko`ziga yomon ko`rinayotganimiz ham shu tufaylidir? Mayli, ko`ngliga qarayver. Aslida ikkiyuzlamachiga o`xshamaydi-ku!
- Unda men shunaqa ekanman-da! — battar jahlim chiqdi.
Shuning alamiga ham yangamga bo`lgan munosabatimni o`zgartirmadim. Bu orada telefon orqali bir yigit bilan tanishdim. MMS xizmati orqali uning suratini oldim-u, qalbim allanechuk bo`ldi. Juda kelishgan, chiroyli yigit ekan. Uning yonida o`zimni sira tasavvur qila olmadim. Ancha ko`rimsiz bo`lib qolishim turgan gap edi. Sochlarim qoraga bo`yalgan bo`lsa-da, aslida sarg`imtir ekanligi qosh-kiprigimdan ham sezilib turar, xullas o`zimdan qoniqmasdim. Agar unga rasmimni yuborsam, aloqamiz uzilishi mumkinligi his qilib dahshatga tushdim. Bir oydan buyon davom etayotgan suhbatlar meni allaqachon unga ipsiz bog`lab ulgurgandi. O`zining rasmini yuborganidan keyin mendan ham tinimsiz talab etar, har gapida so`rardi:
- Menga ham suratingizni yuboring. Iltimos...
O`zimcha yasan-tusan qilib, telefonimga ko`p bor suratga tushdim. Ammo hech biridan ko`nglim to`lmadi. Kechayu kunduz nima qilish haqida bosh qotira boshladim.
Hammasi yangamni dard tutib, tug`ruqxona ketgan kunidan boshlandi. Og`riq bilan bo`lgan yangam o`z telefonini unutib qoldirgandi. Beixtiyor uni qo`limga oldim-u, titkilay boshladim. Yangam qizlik uyidagi telefonini olib kelgani bois, unda turmushga chiqmasdan avval tushgan suratlari juda ko`p ekan: nozik, maftunkor, go`zal...
O`z-o`zidan fe`lim aynidi. Eng chiroyli suratlarni saralab o`z telefonimga o`tkazib oldim va...
Ha, oxirini o`ylamay yangamning bir necha suratini o`sha yigitga yubordim. Nega unday qildim, hamon tushunmayman?!
Na yangamning sha`nini, na buning oqibatini o`ylabman. Axir o`zganing surati bilan uni ushlab turolmayman-ku, baribir? Bir kunmas bir kun “ko`rishaylik”, desa baribir o`zimni oshkor qilishimga to`g`ri keladi-ku! Bu fikrlar aslo miyamga kelmagan. Kim bilsin, nima bo`lsa ham, shu yigit bilan telefonda gaplashib tursam bo`ldi, deganmanmi? G`o`rlik qildimmi? Xullas, nima bo`lganini tushuntirib berolmayman.
Suratlardan tasalli oldi shekilli, yigit boshqa rasm so`ramadi, mendan. Lekin negadir “uchrashaylik” ham demasdi.
“Rasm meniki emasligini bildimikan?” hadiksirardim goho. Lekin ko`rishishga chorlamayotganidan ham xursand bo`lardim. Baribir ko`risholmayman-ku! Lekin biz hamon suhbatlashardik. U smenali ishda ishlashi bois smenada bo`lganida kechalari bilan pichirlashib chiqardik. Lekin “Ishdan chiqdim, uyga ketyapman”, degan paytlari unga qo`ng`iroq qilmasdim. Chunki qattiq tayinlagandi:
- Uyga borgach, uxlayman. Iltimos, qo`ng`iroq qilmay turing. Fursat bo`lsa, o`zim qilaman...
Mana shu gaplariga ham ishonibman. Men bilan faqat kunora, smena kunlari gaplashishiga e`tibor ham qilmabman. Xullas, qilmishim shu bo`ldiki...
Tanishgan yigitim akam bilan birga ishlaydigan yigitning sinfdoshi ekan. U o`rtog`inikiga kelganida, suratlarini tomosha qila turib, akam va yangamning to`y rasmlarini ko`rib qoladi va kimligini so`raydi.
“Hamkasbim”, deydi akam bilan birga ishlaydigan yigit ham.
“Men uning xotini bilan gaplashib yurarkanman. Menga “Turmushga chiqmaganman”, degan. Menam uylanganimni aytmaganman”, deya men yuborgan suratlarni ko`rsatadi. Akamning hamkasbi ham darhol uning telefonidagi suratlarni o`ziga ko`chirib oladi-da, ishga kelib...
O`sha kun kechagidek ko`z o`ngimda. Uyda go`yo qiyomat qo`pdi. Yangam endigina chillasi chiqayotgan chaqalog`ini emizib o`tirardi. Vajohat bilan kirib kelgan akam sudrab uydan chiqardi. Yangam hech narsaga tushunmas, “Nima gap?” derdi xolos...
- O`ynashingdan rasmlaringni oldim! Mana! Haliyam gaplashib yurarkansan!
- Qanaqa o`ynash? — hayron bo`ldi yangam.
- O`zingni bilmaganga olma! Isbotim bor! Mana, man bu rasmlarni undan oldim. Qara, “Prinyaty fayl”da turibdi. Iflos!
Akam hech qanaqa gapni eshitadigan, fikrlaydigan ahvolda emasdi. Hamkasbining oldida sharmanda bo`lgani, uning “xotiningiz mening sinfdoshim bilan gaplashib yurarkan, rasmlarini ham yuboribdi”, degan gaplari ko`zini ko`r, qulog`ini kar qilib qo`ygandi. Bu karlik va ko`rlik keyin ham ketmadi. Yangamni o`sha haydagancha qaytib olib kelmadi. Men ham akamga bor haqiqatni aytgani qo`rqdim. Akam esa alamdan qayta uylanish taraddudiga tushdi. Uylandi ham. Bir baxtli oila barbod, bir bola etim bo`ldi. Mening jur`atsizligim, haqiqatni ayta olmaganim, nodonligim, xudbinligim mana shunday ko`rgulikka sabab bo`ldi. Hamon o`zimni kechira olmayman. Kechiradigan ish ham emas bu. Balki, shu qilmishim tufayli haliyam baxtimni topa olmagandirman? Bu jazo ham menga kam deb o`ylayman? Yuragimda turgan bu tosh tashqariga chiqishi bilan olamni buzadi deb o`ylagandim. Mana, hech narsa bo`lmadi. Afsuski, o`z vaqtida chiqqanida, akam va yangamning turmushi buzilmagan bo`larmidi?
KAMINA oqqa ko`chirdi





