Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida “Infolib-2015” IV Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi.
Haftalik Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi, Sog`liqni saqlash vazirliklari, Matbuot va axborot agentligi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Haftalik doirasida o`ttizdan ziyod madaniy-ma`rifiy, ilmiy tadbirlar o`tkaziladi hamda taniqli yozuvchi va shoirlar, rassomlar, san`atkorlar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida turli tadbirlar, jumladan, tanlovlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, ma`rifiy aksiyalar, mahorat saboqlari, ko`rgazma va taqdimotlar, filmlar namoyishi ham bo`lib o`tadi.
Haftalikning dastlabki kunida tashkil etilgan ochiq eshiklar kunida kutubxonadan foydalanuvchilarning axborot madaniyati va media savodxonligini shakllantirishda axborot-kutubxona muassasalari roliga bag`ishlangan «Betgerov o`quvlari – 2015» mavzusida davra suhbati o`tkazildi. Davra suhbatida jamiyatni axborotlashtirish sharoitida o`quvchilarda axborot madaniyati va media savodxonligini shakllantirish hamda rivojlantirish masalasi muhokama etildi.
Bundan tashqari, haftalikning dastlabki kunida Alisher Navoiyning «Xamsat ul-mutahayyiriyn» asarining Aziz Qayumov va Dinara Azimova tarjimasi taqdimoti, Markaziy Osiyoda ovozsiz kinoga bag`ishlangan fotoko`rgazma, san`atshunoslik fanlari nomzodi Nigora Karimovaning «Muqaddima» loyihasi bo`yicha film namoyishi bo`lib o`tdi.





