AsosiyJamiyat

Farg`onada ilk marta yurak operasiyasi o`tkazildi

Farg`ona viloyat ko`p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida ilk bor tug`ma yurak nuqsoni bilan davolanayotgan 2 nafar bolada murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 

Jarrohlik amaliyotida viloyat ko`p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi kardioxirurgi Javlon Mo`ydinov, jarrohlik bo`limi mudiri Ibrohim Umarov, tibbiyot fanlari nomzodlari – Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi kardioxirurgi Abdunosir Turg`unov va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining anesteziolog-reanimatologi Sanjar Omonov ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA. 

Jarrohlik amaliyoti o`tkazilgan har ikki bemorda tug`ma yurak nuqsoni – ochiq arterial protokni bog`lab qo`yish operasiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi va reanimasiya bo`limida intensiv muolajalar olib borildi. Bolalarning ahvoli stabillashgach, muolajalarni davom ettirish uchun jarrohlik bo`limiga o`tkazildi. Furqat tumanining Tomosha qishlog`ida yashovchi Mirzaxo`ja Niyozxo`jaev 1999 yilda tug`ilgan. Qo`shtepa tumanidan Ikromjon Ibrohimov esa uch yoshda.

Shu choqqacha bunday operasiya Toshkentda yoki xorijda amalga oshirilardi. 

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, dunyoda har ming chaqaloqning 6-7 nafarida tug`ma yurak nuqsoni qayd etiladi. Bu xastalikni operasiya yo`li bilan butunlay bartaraf etish va bemorni to`laqonli hayotga qaytarish mumkin. 


 

    Boshqa yangiliklar