Yurtimizda kimlar shifoxonada bepul dori mahsulotlari bilan ta`minlanishi mumkin? Bepul olish imkoniyatiga ega bo`lgan fuqarolarimiz bunday huquqdan foydalana olmasalar, qaerga murojaat qilishlari mumkin? Dori-darmonlar haqida beriladigan reklamalar qay darajada ishonchli? Muddati o`tgan dori-darmon vositalaridan qay maqsadda foydalaniladi?
Sog`liqni saqlash vazirligining Milliy matbuot markazida bo`lib o`tgan navbatdagi anjumanida ana shu kabi savollarga vazir o`rinbosari Laziz To`ychiev hamda dori vositalari va tibbiy texnikalari sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi mutaxassislari javob berishdi.
NARXLAR QANDAY NAZORAT QILINADI?
— Bugungi kunda dorilarning xarid bahosi ancha qimmat. Dorilarning narxi oshib ketmasligi nazorat qilinadimi? Tan narxidan sotuvdagi narxi 5, 10 barobar oshib ketgan holatlar ham uchraydi...
— Dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 14 yanvardagi “Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotishni tartibga solish to`g`risida”gi va 2000 yil 5 avgustdagi “Ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorlari bilan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotishda cheklangan savdo ustamalari joriy qilingan.
Jumladan, chetdan keltiriladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari, etkazib berishda qatnashuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, sotib olish qiymatining 20 foizidan ortiq bo`lmagan miqdorda ulgurji-chakana savdo ustamasi qo`llangan holda sotilishi lozim. Mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlariga, vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun 20 foizdan ortiq bo`lmagan, chakana savdo uchun 25 foizdan ortiq bo`lmagan miqdordagi cheklangan savdo ustamalari qo`llanishi kerak. Shuningdek, barcha dorixona muassasalarida narx belgilash tartibi va savdo ustamalari qo`llanishini nazorat qilish vazifasi O`zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi zimmasiga yuklatilgan.
ESLATMA O`RNIDA
Agar siz xaridni amalga oshirayotgan dorixonada narxlar bo`yicha tafovut kuzatilsa, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi va uning hududiy bo`limlariga xaridni tasdiqlovchi hujjatlar bilan murojaat qilish maqsadga muvofiq.
QIShLOQLARDA AHVOL QANDAY?
— Qishloq joylarida aholini dori vositalari bilan ta`minlash qay darajada yo`lga qo`yilgan?
— Yurtimizning cheka hududlarida yashaydigan aholi uchun Sog`liqni saqlash vazirligi hamda “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda ijtimoiy dorixonalar tashkil etish masalasiga alohida e`tibor berib kelinmoqda.
Bundan tashqari, respublikamizda qancha qishloq vrachlik punktlari bo`lsa, o`sha punktlardan 1 kilometrgacha bo`lgan masofada dorixonalar mavjud. Dorixona bo`lmagan joylarda qishloq vrachlik punktlarining o`zida dorixona filiallari tashkil qilingan. Yana ko`chma dorixonalar ham yo`lga qo`yilgan bo`lib, Sog`liqni saqlash boshqarmalari tomonidan tuzilgan rejaga muvofiq, belgilangan vaqtda cheka hududlardagi aholini dori vositalari bilan ta`minlab kelmoqda.
MUDDATI O`TGANI ANIQLANSA, NIMA BO`LADI?
— Muddati o`tgan dorilar biror bir foydali maqsad uchun foydalaniladimi?
— Qonun me`yorlariga asosan muddati o`tgan dorilarni qo`llash mumkin emas. Agar dorixonalarimizda muddati o`tgan dorilar turgani tekshiruvlar natijasida aniqlanadigan bo`lsa, ularning lisenziyasi bekor qilinadi.
MA`LUMOT UChUN:
Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta`minlanish huquqiga ega bo`lgan shaxslar toifalari:
1.Onkologik kasalliklarga chalinganlar.
2. Sil kasalligiga chalinganlar.
3. Moxov kasalligiga chalinganlar.
4.Endokrinologik kasalliklarga (qandlivaqandsizdiabetga) chalinganlar.
5.Ruhiy kasalliklarga chalinganlar.
6. OIV kasalligini yuqtirganlar.
7. Yurak klapanini protezlash va organlarni ko`chirish yuzasidan operasiya qilingan shaxslar.
8. O`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz pensionerlar.
9. 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
10. 1941-1945 yillardagi urush mehnat fronti qatnashchilari.
11.Chernobil AESidagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan — nogiron shaxslar.
12.Baynalmilalchi jangchilar.
13. Harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiasiya-yadro ob`ektlarida o`tagan pensiya yoshidagi shaxslar.
REKLAMAGA KIM RUXSAT BERADI?
— TV hamda radiokanallarimizda reklama qilinayotgan dorilar nazoratdan o`tadimi?
— Telekanallarimizdagi har bitta videorolik Sog`liqni saqlash vazirligidan ruxsat olingandan keyin O`zbekiston Respublikasining “Reklama to`g`risida”gi Qonunidan kelib chiqib efirga uzatiladi.
“BEPUL DORI BERIShNI PAYSALGA SOLIShSA-ChI?”
— Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta`minlanish huquqiga ega bo`lgan shaxslar huquqi poymol bo`lganda, qaerga murojaat qilishlari lozim?
— Imtiyozga ega bo`lgan shaxslar o`z hududlaridagi vrachlik punktlarida nazoratda turadi. Agar o`sha erda dori etkazib berilmasa, tuman, shahar rahbariyatlariga yoki Sog`liqni saqlash vazirligiga, shuningdek, www.minzdrav.uz sayti orqali murojaat qilishlari mumkin.
Quyida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo`limlari faoliyati bo`yicha yagona telefoni hamda viloyat boshqarmalarning ishonch telefonlari ko`rsatilgan.
Siz ushbu raqamlarga qo`ng`iroq qilib, o`zingizni qiziqtirgan savollarga javob olishingiz mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi +998 (71) 239-47-95
Qoraqalpog`iston Respublikasi +998 (61) 222-80-48
Andijon viloyati +998 (74) 224-31-61
Buxoro viloyati +998 (65) 223-51-81
Jizzax viloyati +998 (72) 226-06-03
Qashqadaryo viloyati +998 (75) 223-03-64
Navoiy viloyati +998 (79) 770-26-77
Namangan viloyati +998 (69) 226-32-02
Samarqand viloyati +998 (66) 233-35-56
Sirdaryo viloyati +998 (67) 235-01-61
Surxondaryo viloyati +998 (76) 223-71-29
Farg`ona viloyati +998 (73) 224-37-03
Xorazmviloyati +998 (62) 226-30-60
Toshkent viloyati +998 (71) 250-40-56
Toshkent shahri +998 (71) 233-65-67*





